Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Yoshlar ishlari agentligi tomonidan “Besh tashabbus olimpiadasi”ning ikkinchi mavsumi doirasida o‘tkaziladigan tanlov va musobaqalar yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, “Zakovat intellektual klubi” nodavlat notijorat tashkiloti, O‘zbekiston Quvnoqlar va zukkolar assotsiatsiyasi nodavlat notijorat tashkiloti, “Besh tashabbus olimpiadasi” loyihalarini tashkil etish va o‘tkazishga mas’ullar ishtirok etgan tadbirda olimpiadaning ikkinchi mavsumida o‘tkaziladigan musobaqa va tadbirlar xususida ma’lumot berildi.

Qayd etilganidek, o‘tgan 2022 yil ikki mavsum va 2023 yil birinchi mavsum doirasida bir qator muhim yo‘nalishlarni o‘zida qamrab olgan 20 dan ortiq tanlov va musobaqalarda 11,4 milliondan ortiq yoshlar ishtirok etib,  ming nafardan ortiq yoshlar tanlov va musobaqalarning respublika bosqichi g‘olibi bo‘ldi.

An’anaviy tarzda tashkil etilayotgan “Besh tashabbus olimpiadasi”ning 2023 yil ikkinchi mavsumida ishtirok etish uchun bugungi kun holatiga jami 5 million 555 ming 239 nafar o‘g‘il-qiz 5tashbbus.uz saytidan ro‘yxatdan o‘tdi.

Shundan mahalla yoshlari o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan loyihalarda ishtirok etish istagini bildirgan yoshlar 4 million 377 ming 245 nafar, maktab o‘quvchilari o‘rtasidagi loyihalarga qiziqish bildirib elektron ro‘yxatdan o‘tgan o‘quvchi-yoshlar soni 1 million 117 ming 994 nafarni tashkil etmoqda.

Olimpiadaning ushbu mavsumini joriy yil sentyabr-dekabr oylarida tashkil etish rejalashtirilgan bo‘lib, yoshlar bevosita mazkur olimpiada doirasida san’at-madaniyat, sport, kitobxonlik va intellektual o‘yin va tanlovlarda ishtirok etishlari mumkin.

“Besh tashabbus olimpiadasi” ikkinchi mavsumi doirasida mahalla yoshlari uchun san’at-madaniyatni targ‘ib qilishga qaratilgan “Milliy va zamonaviy cholg‘u ijrochiligi” respublika tanlovi, sog‘lom turmush tarzi va sportni ommalashtirishga qaratilgan voleybol, kurash, gimnastrada bo‘yicha respublika sport musobaqalari, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib etish uchun “Yosh kitobxon” tanlovi, yoshlarning intellektual salohiyatini oshirish maqsadida “Zakovat” intellektual o‘yinlari tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, maktab o‘quvchilari uchun o‘quvchi-yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida sportning mini futbol, voleybol, shaxmat, shashka, stol tennisi, yengil atletika, quvnoq startlar bo‘yicha musobaqalar o‘kazish, o‘quvchilarning intellektual salohiyatini oshirish maqsadida “Zakovat” intellektual o‘yinlari tashkil etish hamda yoshlarda sahna madaniyatini shakllantirish va iste’dodini yuzaga chiqarish uchun “Quvnoqlar va zukkolar” tanlovini o‘tkazish belgilangan.

 

Gulnoza Boboyeva,  

Davron Ernazarov,(surat)  

O‘zA