Yurtimizda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlarga qator imkoniyat va yengilliklar yaratib berish, ushbu faoliyatni yuritishda mavjud byurokratik to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etish, davlat aralashuvlarini soddalashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Shu yil 18 avgust kuni tadbirkorlar ishtirokida o‘tkazilgan ochiq muloqotda ham davlatimiz rahbari tadbirkorning soliq idoralari bilan bo‘ladigan barcha nizolari ma’muriy sud vakolatiga o‘tkazilishini, shuningdek, ularning to‘g‘ridan-to‘g‘ri sudga shikoyat qilishidagi har qanday cheklovlar olib tashlanishini ta’kidlagan edi.

Ushbu tartiblarni o‘z ichiga olgan “Tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish tizimi soddalashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilgan.

Bu bo‘yicha parlament quyi palatasi deputati Botir Mardayev quyidagilarni qayd etdi:

— Bugungi kunda tadbirkorlik sub’ektlariga keng imkoniyat va qulayliklar yaratish muhim masalalardan biriga aylangan. Shu bois sohaning huquqiy asoslarini yanada mustahkamlash dolzarb ahamiyatga ega. Tadbirkorlik sub’ektlariga qator yengilliklarni yaratish maqsadida Soliq kodeksi, “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi, “Mas’uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar to‘g‘risida”gi hamda “Xo‘jalik shirkatlari to‘g‘risida”gi qonunlarga tegishli o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Xususan, soliq to‘lovchilarga soliq organlarining sayyor soliq tekshiruvlari va soliq auditi natijalari bo‘yicha qabul qilgan qarorlari ustidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri sudga shikoyat qilish huquqini berish nazarda tutilmoqda.

Amaldagi Soliq kodeksidagi normaga ko‘ra, sayyor soliq tekshiruvlari va soliq auditi natijalari bo‘yicha tadbirkorlik sub’ekti dastlab Soliq qo‘mitasiga yoki uning hududiy bo‘limlariga murojaat qilishi, undan keyin sudga murojaat qilishi mumkinligi belgilangan.

Endilikda kiritilayotgan o‘zgartishlarga ko‘ra, tadbirkorlik sub’ektlari sayyor soliq tekshiruvlari va soliq auditi natijalari bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri sudga murojaat qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu esa tadbirkorlik sub’ektlari huquqlarining samarali himoya qilinishini ta’minlaydi. Qolaversa, ularga ortiqcha xarajat va majburiyat yuklaydigan ayrim byurokratik tartib-taomillarning bekor qilinishiga xizmat qiladi.

 

M.Komilova,  

O‘zA