Poytaxtimizdagi Ikuo Xirayama xalqaro madaniyat karvon saroyida “Uzundara – 2023: dala mavsumi natijalari” nomli ko‘rgazma va davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda joriy yil ekspeditsiya davrida topilgan 60ga yaqin arxeologik topilmalar va ish jarayoni aks etgan fotosuratlar namoyish qilindi.

Joriy yil bir oy davomida Rossiya Fanlar akademiyasi Arxeologiya instituti, O‘rta Osiyo arxeologik ekspeditsiyasining Baqtriya otryadi, Termiz davlat universiteti hamkorligida Ikuo Xirayama xalqaro madaniyat karvon saroyi muzey mudiri, arxeolog K.Sheyko ishtirokida Uzundara qal’asi, shuningdek, alohida Buyuk Baqtriya devorlari qismida qazishma ishlari olib borildi.

Buyuk Baqtriya devorining qo‘rg‘on tizimini o‘rganish bo‘yicha olib borilgan ishlar doirasida Suvsistag tog‘ining Parch, Sanchil va Xarparida daralari hududida to‘rtta alohida minora va devoridagi izlanishlar o‘z samarasini berdi. Minora va devorlar konstruksiyalarining o‘ziga xos xususiyatlari, ularning qo‘shilgan sopol materialga ko‘ra sanasi aniqlandi. Bu esa ushbu inshootlarning Uzundara qal’asi bilan bir vaqtda qurilganini bildiradi.

Qidiruv ishlari davomida Suvsistag tog‘idagi mustaqil minoralar ikki xil reja bo‘yicha, ya’ni dumaloq va kvadrat shaklda qurilgani aniqlandi. 2023 yilda olib borilgan qidiruv ishlari Buyuk Baqtriya devorining istehkom tizimi miqyosini yanada kengaytirdi.

Uzundara qal’asining o‘zida turli hududlarda 250 kvadrat metrdan ortiq qazish ishlari olib borilgan. Xususan, (P-5), 10×5 m o‘lchamdagi qazish ishlari qal’a ichki va shimoliy tomonining janubiy qal’a devor qismini ochish imkonini berdi. Numizmatik va keramika materiallari qal’aning Evtidem davriga ichki to‘ldirilganini ko‘rsatadi.

 

Gulnoza Boboyeva,

O‘zA