Minsk shahrida O‘zbekiston – Belarus biznes doiralari va tadbirkor ayollari birinchi biznes – forumi bo‘lib o‘tdi.

Unda mamlakatimiz iqtisodiyotining deyarli barcha tarmoqlari, xususan, sanoat va qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat, farmatsevtika sanoati, madaniy – gumanitar, shuningdek, turizm va transport kabi sohalarning vakillari bo‘lgan biznes doiralar va ishbilarmon ayollar ishtirok etdi.

Forum doirasida tashkil etilgan “Tadbirkorlikdagi ayollar – Belarus va O‘zbekiston o‘rtasidagi ishbilarmonlik hamkorligini rivojlantirish salohiyati” mavzusidagi yalpi majlisni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi T.Norboyeva va Belarus Respublikasi Milliy majlisi Respublika Kengashi raisi N.Kochanova kirish so‘zi bilan ochib berdi.

Yengil sanoat sohasida hamkorlikni kengaytirish, muntazam tajriba oshirish zarurligi qayd etildi. Ishlab chiqaruvchilar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, IT sohasida aloqalarni rivojlantirish, tadbirkorlik, ayniqsa ayollar uchun raqamli mahsulotlarni birgalikda ishlab chiqish, ularni raqamli iqtisodiyotga keng jalb etish ikki mamlakat ishbilarmonlari uchun birdek manfaat keltirishi ta’kidlandi.

Yalpi majlisda tibbiyot sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, farmatsevtika sanoatini rivojlantirish, tibbiy klasterlar yaratish, oziq-ovqat sanoati, avtomobilsozlik uchun kimyo mahsulotlari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, turizm yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha fikrlar bildirildi.

Forumda yakuniy hujjat (deklaratsiya) qabul qilindi. Unda savdo-iqtisodiy, investitsiya, ilmiy-texnikaviy, ijtimoiy-madaniy, ta’lim, gumanitar, turizm va o‘zaro manfaatli boshqa sohalardagi hamkorlikni kuchaytirish masalalari aks etdi.

Ikki mamlakat tadbirkor ayollari o‘rtasida “B2B” formatida o‘tkazilgan uchrashuvlar natijasida 92 million dollarlik 42 shartnoma va 17 memorandum imzolandi.

N.Abduraimova, O‘zA