Bugun AQSH Prezidenti Jo Bayden G20 sammitida qatnashish uchun Dehliga yetib boradi. Unga Davlat kotibi Entoni Blinken va moliya vaziri Janet Yellen hamrohliq qiladi. Bu haqda “TASS” agentligi xabar berdi.
Qo‘shma Shtatlar rahbari “katta yigirmalik”dagi hamkasblari bilan, avvalo, Ukrainadagi vaziyatni, shuningdek, rivojlanayotgan mamlakatlarga yordam ko‘rsatish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash, texnologiyalar taraqqiyotini rag‘batlantirish va xalqaro moliya muassasalarini isloh qilish masalarini muhokama qiladi.
8 sentyabr kuni Bayden Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi bilan ko‘rishadi, hamkasblari bilan qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazadi.
G20 sammiti tugagach, Amerika yetakchisi Vetnamga o‘tib, 10 sentyabrda Kommunistik partiya Markaziy qo‘mitasi Bosh kotibi Nguyen Fu Chong bilan muzokara o‘tkazadi.
Avvalroq “Politico” nashri mazkur safar davomida Bayden ishtirokida ikki tomonlama “strategik hamkorlik” bitimi imzolanishi kutilayotgani to‘g‘risida yozgan edi.