“Sog‘liqni saqlash vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni qabul qilindi.

Farmonda aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazini Salomatlik va strategik rivojlanish instituti etib qayta tashkil qilish belgilandi.

Institut sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, yuqumli bo‘lmagan kasalliklarga qarshi kurashish hamda oldini olish bo‘yicha dasturlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi.

Sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, zararli odatlarga qarshi kurashish, aholining barqaror tibbiy madaniyatini shakllantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish ham mazkur institutga yuklanmoqda.

Shu bilan birga, ilg‘or va maqbul xorijiy tajriba asosida sog‘liqni saqlash tizimi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari, o‘rta muddatli va uzoq muddatli rivojlanish ssenariylari va strategiyalari bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqadi.

Tibbiy statistikani shakllantiradi va yuritadi. Statistik ko‘rsatkichlarni shakllantirishda xalqaro standartlar va metodikalarni joriy etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi. Tibbiyot sohasidagi statistik ma’lumotlarni yig‘ish, qayta ishlash, umumlashtirish, tahlil qilish, tarqatish va saqlash borasidagi ishlarni takomillashtiradi.

O‘zA