Onalik va bolalikni muhofaza qilish yurtimizda olib borilayotgan ijtimoiy siyosatning ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bugungi kunda 17 million nafardan ortiq, shu jumladan 9,1 million nafardan ziyod tug‘ish yoshidagi ayollarga 227 ta tug‘uruq muassasalari, 18 yoshgacha bo‘lgan 11 million nafar bolaga esa 245 ta pediatriya muassasalari xizmat ko‘rsatib kelmoqda.

Tibbiy-sanitariya muassasalarida “Ayollar maslahatxona”lari, tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda “Onko-nazorat xona”si hamda Qizlar salomatlik markazlari faoliyat yurityapti.

Shuningdek, Prezidentning tegishli qaroriga asosan respublikadagi 46 ta tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarining tug‘uruq bo‘limlari negizida tumanlararo perinatal markazlari amaldagi shtatlar doirasida tashkil etilgan.

Nafaqat viloyat, balki tuman (shahar) miqyosida yangi tashkil etilgan perinatal skrining xonalarida homiladorlikning birinchi uch oyligida ayollar ommaviy tarzda ultratovush tekshiruvidan  o‘tkazilmoqda.

Joriy yilning 6 oyida 1,9 million nafar xotin-qiz onkoskrining tekshiruvidan o‘tkazildi. 5,9 million nafar 35 yoshgacha tug‘ish yoshidagi ayollarning 662,3 ming nafari temir, 560,5 ming nafari esa foliy preparatlari bilan bepul ta’minlandi.

Bundan tashqari, eshitishi zaif va tug‘ma karlikni davolash maqsadida 2023 yilning birinchi yarmida 5 yoshgacha bo‘lgan 164 nafar bolada koxlear implantatsiya amaliyotlari o‘tkazildi.

Yil yakuniga qadar homilador ayollar va bolalarga hududidan qat’i nazar, kafolatlangan bepul tibbiy xizmatdan foydalanish imkoni yaratiladi. Shuningdek, bolalar, o‘smirlar va homilador ayollarni 7 turdagi vitamin va minerallar bilan bepul ta’minlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish yo‘nalishida takrorlanuvchi xizmat turlarini optimallashtirish ishlari olib borilmoqda.

O‘zA