Bugun poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz” markaziy ko‘rgazmalar majmuida “Qo‘riqlash va xavfsizlik. Yong‘inga qarshi uskunalar va tizimlar. Sanoat xavfsizligi texnologiyalari. IT yechimlari va ma’lumotlar xavfsizligi – Securex Uzbekistan-2023” va “Elektronika, elektrotexnika, yashil energetika va innovatsion texnologiyalar – UzE-TechExpo-2023” xalqaro ko‘rgazmalari o‘z ishini boshladi.
“Iteca Exhibitions”, “Congresses of Central Asia – CCA”, “ICA Eurasia Group” xalqaro ko‘rgazma kompaniyalari tomonidan tashkil etilgan ushbu ko‘rgazmada mahalliy va xorijiy ishlab chiqaruvchilar o‘z mahsulotlarini namoyish etmoqda.
Xususan, “Securex Uzbekistan-2023” xalqaro ko‘rgazmasida O‘zbekiston, Belarus, Finlyandiya, Germaniya, Isroil, Qozog‘iston, Rossiya va Xitoy kompaniyalari tomonidan “aqlli uy” texnologiyalari, sanoatni avtomatlashtirish, videokuzatuv tizimlari, radiatsion nazorat uskunalari, hujjatlar, banknotalar va qimmatli qog‘ozlarning haqiqiyligini tekshirish uchun ekspert mahsulotlari taqdim etilayogan bo‘lsa, “UzE-TechExpo-2023” xalqaro ko‘rgazmasi elektrotexnika va elektronika sanoatining deyarli barcha sohalarida yangiliklarni namoyish etishda katta maydonga aylanmoqda.
Ta’kidlash kerakki, har ikki ko‘rgazmada sohalar bo‘yicha doimiy qatnashayotgan ishlab chiqaruvchilar bilan birga, ilk ishtirokchilarni ham ko‘rish mumkin. Masalan, poytaxtimizdagi “Dusel elektrikal” kompaniyasi o‘n yillik tajriba ega. Kompaniyaning sotuv bo‘limi rahbari Biloliddin Tojiboyevning ta’kidlashicha, ushbu jamoa avval imkoniyatlarni kengaytirish, mahsulot turini ko‘paytirish va chinakam raqobatbardoshlikka erishishga asosiy e’tibor qaratdi. Bugun esa mahalliy bozorda o‘z o‘rniga ega korxona tomonidan energetiklar bilan o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va seminarlar tashkil etishga ahamiyat qaratilmoqda.
–Elektr uskunalari va jihozlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonamiz 2013 yilda tashkil etilgan. Hozirgi kunga kelib mahsulotimiz turi 2 mingga yaqindir. Uning 70 foizi mahalliy ishlab chiqarish bo‘lsa, 30 foizi Xitoydan import qilinib, mamlakatimiz bo‘yicha yetkazib beriladi. Ayni kunda kompaniyamiz tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarning eksportini yo‘lga qo‘yish uchun Qirg‘iziston, Tojikiston va Qozog‘iston davlatlari vakillari bilan kelishuvlar olib boryapmiz. 500 nafarga yaqin xodimni ish bilan ta’minlagan korxona ilk bor mazkur namoyishda o‘z mahsulotlarini taqdim etmoqda, – dedi Biloliddin Tojiboyev.
Xitoyning “Longi” kompaniyasi esa ko‘rgazmaning doimiy ishtirokchilaridan biri. Dunyo bo‘yicha yetakchilar safida bo‘lgan kompaniya ishtirokchilar e’tiboriga quyosh panellarini havola etayapti.
–Bugungi kunda kompaniya Markaziy Osiyo davlatlarida 100-200 megavattli loyihalarni amalga oshirgan, – dedi ushbu kompaniyaning marketing bo‘limi menejeri Shahzoda Xo‘jayev. – O‘zbekistonda esa bizning rasmiy distribyutorlarimiz faoliyat yuritadi. Ayni kunda mamlakatimizda quyosh panellarini o‘rnatish ommalashmoqda. Panellar quyosh elektr stansiyalarining “yuragi” sanaladi. Shu bois, kompaniya mahsulot sifatiga alohida e’tibor qaratadi. Shu kunlarda Toshkentda kompaniyaning ofisini ochishga taraddud ko‘rayapmiz. Bundan ko‘zlangan maqsad quyosh panellarini o‘rnatish va ularning sifati bo‘yicha bilimga ega bo‘ladigan mutaxassislar malakasini oshirishga hissa qo‘shishdir.
Eslatib o‘tamiz, ushbu ko‘rgazma 8 sentyabr kuni o‘z ishini yakunlaydi.
Nasiba ZIYODULLAEVA,
O‘zA muxbiri