“Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” bosh g‘oyasi ostida joriy yilning 15 avgust – 5 sentyabr kunlari “Faxriy jurnalistlar e’tibor va e’zozda” aksiyasi o‘tkazildi.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi va uning hududiy bo‘limlari tomonidan o‘tkazilgan tadbirlarda ommaviy axborot vositalari rivojiga beminnat hissa qo‘shgan, bugungi kunda yoshlarga munosib ustozlik qilib kelayotgan 70 nafarga yaqin faxriylar holidan xabar olindi, ularga uyushmaning sovg‘a – salomlari topshirildi.
– Ustoz jurnalistlar holidan xabar olish, ularning ko‘nglini olishga qaratilgan bu kabi ishlar nafaqat aksiya doirasida, balki yil davomida amalga oshiriladi, – deydi O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Xolmurod Salimov. – Faxriylarning boy tajribasi, ijodiy mahoratidan unumli foydalanish yosh kadrlarning kasbiy salohiyatini oshirish va soha rivojiga xizmat qiladi.
Darhaqiqat, ular orasida o‘z kasbiga sodiq, hamon dolzarb mavzularni yoritib kelayotgan, jurnalistika sohasiga doir yangi kitoblari chop etilayotgan, yoshlarga ustozlik qilayotgan tabarruk yoshli fidoyi ijodkorlar borki, ularning ijtimoiy faolligiga, kasbiy mahoratiga, ijodiy kuch-g‘ayratiga havasingiz keladi.
Shunday ustozlardan biri — taniqli jurnalist Abdusamad Isoqovdir. Aksiya doirasida ustozga uyushmaning sovg‘asi topshirildi.
83 yoshli faxriy jurnalistning hayot va ijod yo‘liga nazar tashlasak, A. Isoqov Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ning jurnalistika fakultetida tahsil olib, faoliyatini O‘zbekiston radiosi “Bolalar” tahririyatidan boshlagan. 1965 yildan 2008 yilga qadar O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining “So‘nggi axborot”, “Sanoat”, “Toshkent”, “Siyosat” tahririyatlarida muharrir, bo‘lim boshlig‘i, bosh muharrir, O‘zbekiston radiosining dasturlar direksiyasi, kompaniyaning Mahalliy teleradioeshittirishlar boshqarmasi rahbari, teleradioning siyosiy sharhlovchisi lavozimlarida faoliyat olib borgan.
Taniqli jurnalistning yuzlab ocherk va maqolalari matbuotda e’lon qilingan. Teleradioocherklari, hikoyalari, intermediyalari efirga berilgan. “Jurnalistning mashaqqatli va zavqli hayot yo‘li”, ”Ezgulik istab” kitoblari chop etilgan.
O‘zA