Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan Oqdaryo tumanidagi 32-umumiy o‘rta ta’lim maktabida mamlakatimizning barcha hududlaridagi maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalari rahbarlari, tuman, shahar bo‘limlari mudirlari hamda maktab direktorlari ishtirokida ko‘rgazmali seminar o‘tkazildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev shu yilning 24 avgust kuni Samarqand viloyatiga tashrifi chog‘ida Oqdaryo tumanidagi 32-umumta’lim maktabida bo‘lib, bu yerda o‘quvchilarga 16 xil kasb-hunar o‘rgatish uchun yaratilgan sharoit bilan tanishgan edi. Maktab 782 o‘quvchiga mo‘ljallangan bo‘lib, joriy yilda kapital ta’mirlandi. 22 sinfxona, sport zali, oshxona, STEM laboratoriyasi, kompyuter xonalari mavjud. Maktabning bo‘sh turgan yer maydonida yengil konstruksiyalardan qo‘shimcha xonalar qurilib, tadbirkorlar bilan hamkorlikda o‘quvchilarga 16 xil    kasb-hunar o‘rgatish kurslari yo‘lga qo‘yilgan.

Shuningdek, ingliz va fransuz tili to‘garaklari tashkil etilgan. Maktabda o‘quvchilar 7-sinfdan boshlab mahalla va tumanda talab yuqori bo‘lgan veterinar, agronom, meva-sabzavot quritish, ipakchi, mebelchi, avtomobil ustasi kabi kasb-hunarga o‘rgatilmoqda.

Davlatimiz rahbari 28 avgust kuni maktablarda ta’lim sifatini oshirish, o‘quvchi o‘rnini ko‘paytirish va o‘qituvchilarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida barcha viloyatlar maktab ta’limi boshqarmalari rahbarlari Oqdaryoga borib, ushbu tajribani o‘rganishi shartligini ta’kidlagan edi. Respublikamizning turli hududlaridan kelgan ta’lim sohasi vakillari maktabdagi shart-sharoitlar va kasb-hunar to‘garaklari faoliyati bilan tanishdi.

– Maktabda yaratilgan sharoitlarni ko‘rib havas qildim, – deydi Nukus tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mudiri Zoya Arzibayeva. – Har bir to‘garak rahbari bilan gaplashdim. Maktab to‘garak rahbarlariga bepul joy beryapti, ular esa shogird tayyorlab, ham mahsulotini bozorga chiqaryapti. O‘quvchilarni kasbga o‘rgatayotganidan maktab ham manfaatdor, tadbirkor ham foyda ko‘ryapti. Bizning tumanimizda 32 ta maktab va bitta Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktab bor. Hozircha bitta maktabda kasb-hunar o‘rgatish to‘garaklari tashkil etganmiz. Boshqa maktablarda ham yuqori sinf o‘quvchilarini bosqichma-bosqich kasb-hunarga o‘rgatishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtiryapmiz. Oqdaryo tumanidagi ushbu maktabdan ko‘p narsalarni o‘rgandim, ming marta eshitgandan, bir marta ko‘rgan yaxshi ekan.

– Prezidentimiz tashabbuslari bilan keyingi yillarda o‘quvchilarni oliy ta’limga qamrab olish bilan birga ularni kasb-hunarga yo‘naltirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi Navoiy shahridagi 20-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori Ilyos Jo‘rayev. – Oqdaryo tumanidagi maktabda fransuz tili ikkinchi chet tili sifatida o‘quvchilarga o‘rgatilib kelinayotgan ekan. Prezidentimiz har bir chet tili darsligining yonida davlat tilida yozilgan o‘zbek tilidagi tarjimasi bo‘lsin, degandilar. Bu maktabda xuddi shu usul joriy etilibdi. Xonalar jihozlari ham davlat ta’lim standartlari asosida, yangi zamonaviy texnikalar bilan ta’minlangani menda katta taassurot qoldirdi. Maktabdagi kulolchilik, sandalchilik, me’morchilik, santexniklik, tikuvchilik to‘garaklarida o‘quvchilar ham kasb o‘rganib, ham pul topayotgani bitiruvchilarning kelajakda farovon yashashini ta’minlaydi. Bu maktab tajribasini o‘zimizda albatta yo‘lga qo‘yamiz. Seminar ishtirokchilari Oqdaryo tajribasi bilan yaqindan tanishdi. To‘garak rahbarlari va o‘qituvchilar bilan suhbatlashib, bilmaganlarini o‘rgandi, yetarli tajriba va ko‘nikmaga ega bo‘ldi. Endi barcha maktablarda bosqichma-bosqich yuqori sinf o‘quvchilariga ikkita chet tili va bitta kasb-hunar o‘rgatish joriy etiladi.

Davlatimiz rahbari videoselektor yig‘ilishida Samarqand viloyati hokimiga keyingi o‘quv yiliga qadar viloyatdagi har bir tumanda 10 tadan maktabda bu tizimni joriy qilish, qolgan viloyat hokimlariga yil yakunigacha har bir tumanda kamida ikkitadan maktabda ushbu tajribani yo‘lga qo‘yish topshirilgan.

G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA