Bxarat — hind tilidagi Hindistonning rasmiy nomi. Mahalliy siyosatchilar mustamlakachilik qulligi ramzi sifatida Hindiston nomidan voz kechishga chaqirmoqda. Hukumat bu bo‘yicha tegishli qarorni parlamentning navbatdan tashqari majlisiga kiritishi mumkin.
So‘nggi xabarlarga ko‘ra, Narendra Modi boshchiligidagi hukumat 18-22 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan parlamentning navbatdan tashqari sessiyasida Hindistonning rasmiy nomini Bxaratga o‘zgartirish to‘g‘risidagi rezolyutsiyani kiritishi mumkin. Kongress rahbari Jairam Ramesh, shuningdek, Hindiston prezidentidan G20 rasmiy kechki ovqat taklifnomalari odatdagidek “Hindiston Prezidenti” o‘rniga “Bxarat Prezidenti” nomi bilan yuborilganini tasdiqladi.
Deputat Sandjay Singx Hindistonning rasmiy nomini o‘zgartirish masalasini, hukumatning amaldagi konstitutsiyani o‘zgartirishga urunish sifatida baholamoqda.
Mamlakatning rasmiy nomini o‘zgartirish masalasi birinchi marotaba ko‘tarilayotgani yo‘q. Ushbu masala 2016 va 2020 yillarda ham Hindiston Oliy sudi tomonidan ko‘rib chiqilgandi. Oliy sud ushbu murojaatlarni rad etib, mamlakat aholisi his-tuyg‘ulari bilan o‘ynashmaslikka chaqirgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Hindiston konstitutsiyasining 1-moddasiga binoan, ikkala nomga ham ruxsat berilgan. Unda, xususan, “Hindiston, shuningdek, Bxarat shtatlar ittifoqi hisoblanadi” deyilgan. Mamlakat nomi hujjatlarda ham turlicha yoziladi — “Hindiston Ittifoqi”, “Hindiston Respublikasi” va “Bxarat Sarkar” nomlari qo‘llaniladi. “Bxarat” so‘zi Hind subkontinentining barcha yerlarini zabt etib, birlashtirgan afsonaviy hukmdor Bxarat nomi bilan bog‘liq.
M.Turdaliyeva, O‘zA