Bugun Toshkentda O‘zbekiston – Xitoy biznes forumi hamda “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusining 10 yilligiga bag‘ishlangan anjuman bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Xitoy Kommunistik partiyasi Shandun muzofoti qo‘mitasi kotibi Lin U boshchiligidagi delegatsiya a’zolari ham ishtirok etdi.

Mazkur forumdan ko‘zlangan maqsad hamkorlikni yanada kengaytirish, O‘zbekiston va Shandun o‘rtasida mahalliy darajada o‘zaro manfaatli sheriklik uchun yangi maydon yaratishdan iborat.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev va Lin U barchani “Bir makon, bir yo‘l” imkoniyatidan birgalikda foydalanish orqali o‘zaro munosabatlar tarixida yangi sahifa ochishga chaqirdi.

Mamlakatimizda Xitoy Xalq Respublikasi bilan savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sheriklikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yirik sanoat markazi – Shandun muzofoti bilan aloqalarni yanada mustahkamlash, hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini ochishda esa mazkur tadbirning ahamiyati beqiyos. Forumda ko‘plab biznes vakillari ishtirok etishi xitoylik ishbilarmon doiralar vakillarining mamlakatimizga qiziqishi ortib borayotganidan yaqqol dalolat.

Joriy yil mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash 30 foiz o‘sib, 7 milliard dollarga yetdi. Bu ko‘rsatkichni yil yakuniga qadar ikki davlat rahbarlari tomonidan belgilangan 10 milliard dollarga yetkazish ko‘zda tutilgan. Investitsiya sohasidagi hamkorlik ham mustahkamlanmoqda. Jami o‘zlashtirilgan Xitoy sarmoyasi 2017 yildan buyon 5 barobar oshib, 11 milliard dollarni tashkil etdi. Xitoy kompaniyalari ishtirokida mamlakatimizda o‘nlab zamonaviy korxonalar barpo etildi, neft-gaz, kimyo, to‘qimachilik kabi muhim sohalarda yirik loyihalar amalga oshirilib, yangi ish o‘rinlari yaratildi. Masalan, “Shandong Electric Power Construction” kompaniyasi bilan birga Qashqadaryo va Buxoro viloyatlarida umumiy quvvati 1000 MVt bo‘lgan fotoelektr stansiyalari qurilmoqda.

Forumda Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasida ko‘p yillik samarali aloqa o‘rnatilgan bo‘lib, ikki davlatni, ayniqsa, mustahkam do‘stlik rishtasi bog‘lab turishi alohida qayd etildi.  2013 yil Xitoy rahbari Si Szinpin “Bir makon, bir yo‘l”ni birgalikda rivojlantirishdek yirik g‘oyani ilgari surdi. O‘zbekiston qadimiy Ipak yo‘lining eng muhim bo‘g‘ini sifatida mazkur tashabbusni birinchi bo‘lib qo‘llab-quvvatlab, loyihada faol ishtirok etayotgan davlatlardan biriga aylandi.

Shandun va O‘zbekiston o‘rtasida azaldan savdo-iqtisodiy va madaniy almashinuv yo‘lga qo‘yilgan. Bu zamindan 2000 yillar muqaddam kulolchilik, shoyi mato va boshqa asl mollar ortilgan tuya karvonlari O‘zbekistonga qatnagan. Hozir ham ushbu yo‘nalishda sharqdan g‘arbga “Silu” Yevrosiyo yuk poyezdlari muammosiz harakatlanib, Yangi Ipak yo‘lining “po‘lat ko‘prigi”ni mustahkamlamoqda.

Shandun O‘zbekiston viloyatlari bilan hamkorlikni rag‘batlantirish, sarmoya va almashinuv ko‘lamini kengaytirish, tovar ayirboshlash orqalixalqlarimiz o‘rtasidagi aloqani rivojlantirish tarafdori.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar har ikki tomonning mavjud imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berib, o‘zaro manfaatli hamkorlik istiqbolini alohida qayd etdilar.

Anjuman doirasida yangi qo‘shma loyihalar bo‘yicha qator shartnomalar imzolandi.

Go‘zal Sattorova, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA