Yurtimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, ushbu sohada faoliyat olib borayotgan tadbirkorlarni, oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratib kelinadi. Tegishli qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritilib, tadbirkorlik faoliyatiga asossiz va noqonuniy aralashish kabi holatlarning oldi olinmoqda. Zero, tadbirkorlikning rivojlanishi yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi bandligini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.

Tadbirkorlik faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga oilaviy tadbirkorlik faoliyatini yuritishni takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Unga ko‘ra, yuridik shaxs tashkil etmagan holda oilaviy tadbirkorlik faoliyatini olib borayotgan sub’ektlar besh nafargacha doimiy ishchi bilan mehnat shartnomasi tuzishi va yollashi mumkinligi belgilanmoqda. Ayni paytda amaldagi normaga ko‘ra, uch nafargacha doimiy ishchi bilan mehnat shartnomasi tuzish va ularni yollash mumkin.

Bundan tashqari, mazkur qonun loyihasi bilan amaldagi qonunchiligimizdagi bir oilaviy korxona ishtirokchisi bir vaqtning o‘zida boshqa oilaviy korxona ishtirokchisi bo‘lishi mumkin emasligi haqidagi cheklov chiqarib tashlanmoqda.

Ushbu qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida qizg‘in muhokama qilindi. Muhokamalar davomida deputatlar qonun loyihasi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalari, takliflarini bildirdi, ayrim normalar yuzasidan turli savollar o‘rtaga tashlandi.

Qayd etilganidek, loyihada ko‘zda tutilayotgan normalar oilaviy tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyatini yanada kengaytirishga, yangi ish o‘rni yaratish va aholi bandligini ta’minlashga xizmat qiladi.

M.Komilova, O‘zA