Markaziy Osiyo va Xitoy o‘rtasidagi o‘zaro ishonchli hamkorlik aloqalari yildan yilga mustahkamlanmoqda. Ayniqsa, Sian shahrida davlat rahbarlari ishtirokida bo‘lib o‘tgan Xitoy – Markaziy Osiyo forumi, unda imzolangan hujjatlar ham mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yanada takomillashtirishga xizmat qiladi. Uchrashuv minbaridan Xitoy rahbari Si Szinpin “Biz yutuqlarimizdan birgalikda foydalanaylik. Biz raqobatchilar emas, do‘stlarmiz” degan edi.
Darhaqiqat, Markaziy Osiyo va Xitoy xalqi dunyo taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan. Agar biz bir-birimizni qo‘llasak, erishgan yutuqlar, natijalardan Si Szinpin aytganidek, birgalikda foydalansak, xalqlarimiz hayoti yanada farovonlashadi, davlatlarimiz yanada baquvvat bo‘ladi. Bu gaplar to‘laligicha ommaviy axborot vositalariga ham tegishli.
Xo‘sh, bugungi o‘zbekistonlik o‘quvchi qo‘shni mamlakatlar va Xitoy haqida nima biladi? Afsuski, axborot maydonida bizlarni bog‘lab turuvchi biron tuzilma yoki axborot tarqatuvchi ommaviy vosita yo‘q. Biz Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Qozog‘iston bilan chegaradosh bo‘la turib, u yerdagi hayot haqida tizimli emas, pala-partish axborotga egamiz. Aksariyat hollarda kimningdir manfaatiga xizmat qiluvchi sayt, bloger yoki norasmiy manba tarqatgan ma’lumotlarni o‘qiymiz. Shunda ham ular juda oz.
Masalaning yana bir tomoni bor, o‘zbekistonliklarga Xitoy haqidagi axborot qiziqmi? Bundan 2200 yil avval Xitoy imperatorining elchisi Chjen Syan bugungi O‘zbekistonning Farg‘ona vodiysiga kelgan. Qaytib borgach juda qiziqarli safar hisobotini taqdim etgan. Bizda undan ayrim iqtibos bor xolos. Shu muhim hujjat Xitoy tarixiy muzeyida saqlanmoqda, ammo hujjat hatto rus tiliga ham tarjima qilinmagan.
O‘zbekistonda elchi Chjen Syanning hisobotiga bo‘lgan qiziqishning cheki yo‘q. Xitoy kambag‘allikni qisqartirish borasida dunyoda mislsiz tajriba orttirdi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, bu raqam Sianda bo‘lib o‘tgan forumda ham aytildi. Xitoyda 800 million odam kambag‘allikdan chiqarilgan. Ana o‘sha forumda bu qimmatli tajriba o‘rtoqlashildi. Ammo uning ishida g‘oyat cheklangan miqdorda jurnalistlar ishtirok etgani uchun ham ibratli tajriba hali mamlakatlarimizda ommalashmadi. Holbuki, bunday rang-barang tajriba Markaziy Osiyo davlatlarining barchasiga juda foydalidir.
Avgust oyining so‘nggi kunlari Urumchi shahrida Markaziy Osiyo – Xitoy jurnalistlari forumi bo‘lib o‘tdi. Unda o‘zaro axborot almashuvining dolzarb masalalari muhokama qilindi. E’tiborli jihati shundaki, anjumanda Shinjon hukumati va rahbariyatining oliy maqomdagi vakillari ham ishtirok etdi. Tadbirda o‘zaro iqtisodiy hamkorlikning o‘sib borishi zaminida mustahkam ijtimoiy munosabatlar turishi lozimligi ta’kidlandi.
Tan olish kerak, Markaziy Osiyo bugun dunyo geosiyosatining qaynoq nuqtasiga aylandi. Markaziy Osiyo, jumladan, O‘zbekiston xalqiga qo‘shni mamlakatlar, masalan, Xitoydagi real voqeliklar haqidagi xolis axborot yetkazilishi juda muhim ahamiyatga ega. Bunga erishishning birlamchi shartlari nimada?
Birinchidan, Markaziy Osiyo va Xitoy OAVlari, jurnalistlarini birlashtiruvchi huquqiy maqomga ega tashkilot – alyans tashkil etish vaqti keldi.
Ikkinchidan, bu alyans muassisligida yagona axborot vositasi “Biz” nomida internet sayti ta’sis etish maqsadga muvofiq. Uning alyans a’zolari bo‘lmish mamlakatlarda akkreditatsiyadan o‘tgan muxbiri va o‘sha mamlakatlar jurnalistlaridan tashkil topgan jamoatchilik byurosi ochilsin. Bu internet sayt alyans a’zolari bo‘lgan davlatlardagi muhim siyosiy, iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy axborotlarni o‘sha mamlakatlar jurnalistlarini jalb etib tezkor va xolis yoritishi lozim.
Uchinchidan, alyans a’zolari bo‘lgan mamlakatlar OAVlari “Biz” internet nashri materiallarini keng tarqatishga faol hissa qo‘shishi lozim.
To‘rtinchidan, har yili bir marta navbat bilan alyans a’zolari bo‘lgan mamlakatlar jurnalistlarining forumini o‘tkazish tashkil etilsa.
Jurnalistlarning Urumchi forumida yurtimiz jurnalistlari shu kabi takliflarni kiritdi. Ishtirokchi tomonlar uni qo‘llab-quvvatlashdi. Yaqin kunlarda forumning yakuniy hujjati – deklaratsiya e’lon qilinishiga kelishib olindi. Shuni aytish kerakki, jurnalistlarning Urumchi forumi doirasida Xitoyning yirik axborot agentligi “China news service”ning Shinjondagi vakolatxonasi faoliyati bilan tanishildi. Buyuk ipak yo‘lidagi Turfon shahri, “Tyan-Shan Tyanchi” sayyohlik majmuasidagi “Osmon ko‘li” ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Muhammadjon Obidov,
Toshkent – Urumchi (Xitoy).