Parlament quyi palatasining majlisida “Davlat mulkini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.

— Amaldagi “Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish to‘g‘risida”gi qonunda davlat mulki ob’ektlarini xususiylashtirish jarayonlarini ochiq va oshkoralik, qonuniylik prinsiplari asosida amalga oshirish, xaridorlarning ommaviy savdolarda ishtirok etishlari uchun teng sharoitlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning huquqiy asoslari o‘z aksini topmagan, — dedi Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi raisi Sharofiddin Nazarov. — Mazkur hujjatda xususiylashtirishning faqatgina 2 ta — kim oshdi, tanlov uslubi nazarda tutilgan. Davlat aktivlarini elektron-onlayn auksion savdolarda sotish haqidagi normalar mavjud emas, xususiylashtirish sohasida davlat organlari vakolatlarining chegaralari aniq belgilanmagan. Taklif etilayotgan qonun loyihasi bilan xususiylashtirishning barcha bosqichlari, xususiylashtirishning prinsiplari mustahkamlanmoqda. Xususiylashtirishning qonuniylik, ochiqlik va shaffoflik, hisobdorlik, teng raqobat muhitini ta’minlash hamda korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik kabi prinsiplari belgilanyapti.

Shuningdek, elektron-onlayn auksion, tanlov va birja, muzokaralarga ommaviy taklif qilish, raqobatga asoslangan muloqot asosida sotish, korxonani va ko‘chmas mulk ob’ektini boshqa jamiyatning ustav fondiga kiritish va korxonalarni keyinchalik sotish sharti bilan ijaraga berish kabi xususiylashtirishning yangi 8 ta uslubi kiritilmoqda. Eng muhimi, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinishi munosabati bilan xususiylashtirilgan mulkning daxlsizligini kafolatlash belgilanmoqda. Bundan tashqari, vakolatli davlat organlarining xususiylashtirish sohasidagi vakolatlari aniq belgilanmoqda, — dedi deputat.

Muhokamalar davomida qonun loyihasining ayrim modda va normalari bo‘yicha savollar o‘rtaga tashlandi, loyihani yanada takomillashtirishga qaratilgan taklif va fikr-mulohazalar bildirildi. Mutasaddilar savollarga javob berdilar. Hujjatning qabul qilinishi xususiylashtirish jarayonlarining ochiq va oshkoraligini ta’minlashga, barcha xaridorlar uchun teng sharoitlar yaratilishiga xizmat qilishi ta’kidlandi.

 

M.Komilova,  

O‘zA