Xabaringiz bor, 2023 yil 30 aprelda yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi amalga kiritildi. Tabiiyki, har qanday yangi normativ hujjatni amaliyotga tatbiq etishda bir qator kamchiliklar uchrab turadi. Shunday kamchiliklarni bartaraf etish, aholining huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida turkum materiallar uzatamiz. So‘nggi kunlarda bo‘layotgan murojaatlarning aksari mehnat ta’tili borasida ekanini inobatga olgan holda bugun shu mavzuni yoratishga jazm qildik.

–Men ta’lim tashkilotida 2019 yildan buyon 1 stavka logoped o‘qituvchi, 0.5 stavka psixolog vazifasida ishlab kelaman. Har yili iyun oyida ikkala lavozim uchun ham mehnat ta’tiliga chiqardim va to‘liq to‘lab berishar edi. Bu yil 0.5 stavka psixolog uchun ta’til pulim to‘lanmadi. Adliyadan buyruqlashganda o‘rindosh deyilgan ekan. Men bir tashkilotda ishlayman, o‘rindosh emasman. Tarifikatsiyadan o‘tganman 1.5 stavka bo‘yicha menga to‘lanmasligi to‘g‘rimi?

– Yuqoridagi holat ko‘pchilikda uchraydi. Bunda eng asosiy urg‘u “men o‘rindosh emasman” jumlasiga qaratilyapti. Mazkur holatda siz o‘rindoshsiz. Lekin bu sizga ta’til bermaslik uchun asos bo‘lmasligi kerak. Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining 432-moddasida xodim o‘zining asosiy ishidan tashqari alohida mehnat shartnomasi shartlari bo‘yicha asosiy ishidan bo‘sh vaqtida boshqa muntazam haq to‘lanadigan ishni bajarishi o‘rindoshlik asosida ishlash sanalishi belgilangan.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 18 oktyabrdagi 297-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘rindoshlik asosida hamda bir necha kasbda va lavozimda ishlash tartibi to‘g‘risida”gi nizom 2-bandida xodim o‘zining asosiy ishini bajarishidan tashqari asosiy ishidan bo‘sh vaqtida mehnat shartnomasi asosida boshqa haq to‘lanadigan ishni bajarishi o‘rindoshlik asosida ishlash ekanligi belgilangan.

Yuqoridagi qoidalarning mazmuniga ko‘ra, xodim asosiy mehnat shartnomasi asosida lavozim majburiyatlarini bajarishdan tashqari boshqa ishni bajarishi o‘rindoshlik sanaladi. Yuqoridagi nizom bo‘yicha o‘rindoshlik ichki va tashqiga bo‘linadi. Bir tashkilotda ikki lavozimda ishlash bu ichki o‘rindoshlik hisoblanadi. Mehnat kodeksi 439-moddasiga muvofiq o‘rindoshlik asosida ishlovchi shaxslarga yillik asosiy ta’tillar, shuningdek o‘rindoshlar haqli bo‘lgan qo‘shimcha mehnat ta’tillari asosiy ish joyidagi yillik mehnat ta’tili bilan bir vaqtda beriladi. Shunday ekan, sizga o‘rindoshlikdagi lavozimingizdan ham mehnat ta’tili berilishi shart.

 

Iroda Qahhorova  

huquqshunos