BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) baholariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab 2,3 milliard inson sust yoki o‘tkir oziq-ovqat xavfsizligi yo‘qligi holatida yashamoqda. Ularning 566 millioni (25%) Osiyoda istiqomat qiladi. Bugun butun dunyoda oziq-ovqat xavfsizligi dolzarb masalalardan biriga aylanib bormoqda.

Shu bois ham oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash masalasi xalqaro doiralarda ko‘p bora muhokama qilinib, zarur chora-tadbirlarni ko‘rish bo‘yicha hujjatlar qabul qilinadi, davlatlar o‘zaro tajriba almashadi.

Shu yil 7-8 sentyabr kunlari ko‘hna Samarqandda Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro konferensiya o‘tkaziladi. O‘zbekiston hukumati tomonidan tashkil etilayotgan ushbu xalqaro tadbir BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)ning texnik ko‘magida bo‘lib o‘tadi. Unda o‘ttizdan ziyod mamlakatlardan vazirlar va diplomatlar, shuningdek, xalqaro tashkilotlar, moliya institutlari, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Jahon banki, Islom oziq-ovqat xavfsizligi tashkiloti, Osiyo taraqqiyot banki va boshqalardan vakillar ishtirok etishi kutilmoqda.

— Bugungi kunda dunyo yerlar degradatsiyasi va suv resurslarining taqchilligi, pandemiyalar va nobarqaror geosiyosiy vaziyat muammolariga duch kelmoqda, — deydi O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov. — Ushbu chaqiriqlar fonida oziq-ovqat xavfsizligi masalasi yanada o‘tkir tus olmoqda. Iqlim o‘zgarishi qishloq xo‘jaligiga, pirovardida, aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashga qanday ta’sir ko‘rsatayotganini barchamiz his qilayapmiz. Suv resurslari kamayib bormoqda, yuqori harorat ekinlar hosildorligiga va chorva soniga salbiy ta’sir ko‘rsatyapti. Iqlim o‘zgarishlari oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni oldindan belgilashni qiyinlashtirmoqda. Bu esa prognozlash va rejalashtirishning aniqligini susaytirmoqda. Mamlakatimizda o‘tkaziladigan xalqaro konferensiyada dunyoda agrooziq-ovqat tizimlarini rivojlantirish borasidagi yechimlarni muhokama qilish imkoni bo‘ladi. Shuningdek, kun tartibidan ishtirokchi mamlakatlar o‘rtasida sifatli va arzon oziq-ovqat mahsulotlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berish uchun “yashil” va ekspress dahlizlar ochish masalasi ham o‘rin olgan.

Vazirlik axborot xizmatining taqdim etgan ma’lumotiga ko‘ra, mazkur konferensiya doirasida O‘zbekistonning agrar tarmoqni isloh qilishdagi yutuqlari taqdimot qilinadi. Shuningdek, “O‘zbekiston agrooziq-ovqat salohiyati” ko‘rgazmasi va I O‘zbekiston agrooziq-ovqat investitsiya forumi o‘tkaziladi. Forumda Germaniya, Italiya, Isroil, Vengriya, Koreya Respublikasi, Polsha, Ozarbayjon, Qozog‘istondan 50dan ziyod kompaniya qatnashadi.

Ta’kidlash joizki, ushbu xalqaro tadbir dunyo mamlakatlari oldida turgan muhim masala — oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash borasidagi chora-tadbirlarni jadallashtirish, yechimlarni muhokama qilish, shuningdek, agrar sohadagi yutuqlarni targ‘ib qilish va o‘zaro tajriba almashishda alohida ahamiyat kasb etadi. Qolaversa, ushbu keng ko‘lamli tadbirning aynan O‘zbekistonda o‘tkazilishi dunyo jamoatchiligining e’tibori yurtimizga, qadimiy Samarqandga yana bir bor qaratilishiga xizmat qiladi.

 

M.Komilova,  

O‘zA