Vazirlar Mahkamasining joriy yil 14 avgustda qabul qilingan “Oliy ta’lim muassasalari talabalarini turar-joy bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, joriy yildan birinchi kursga qabul qilingan talabalarni yotoqxonalarga joylashtirish onlayn tarzda amalga oshiriladi. 2024-2025 o‘quv yilidan boshlab, bu tartib barcha kurs talabalari uchun qo‘llaniladi.

Yangi tizim oldingi yillarda kuzatilgan bir qator muammolarni bartaraf etgan holda talabalarga qulayliklar beradi. Xususan, endi talaba makon va zamon tanlamasdan, kunning istalgan vaqtida yotoqxona olish uchun murojaat qilishi mumkin. Ariza topshirishda ortiqcha qog‘oz hujjat talab etilmaydi. Hujjatlarni qabul qilishda inson omili ishtirok etmaydi. Navbat kutishga ham hojat yo‘q – 10 daqiqada onlayn murojaat qilish mumkin.

Talaba o‘z arizasini onlayn kuzatib boradi. Shu tariqa talabalar yotoqxonaga joylashadi.

Hukumatning tegishli qarori bilan ijarada yashovchi talabalarga ijara to‘lovining bir qismini qoplab berish tartibi ham soddalashtirildi. Bunda talabalarga oylik ijara to‘lovining bir qismi ijara shartnomasining summasidan qat’i nazar Toshkent shahrida – bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari (330 ming so‘m), qolgan hududlarda – bazaviy hisoblash miqdorining yarim baravari (165 ming so‘m) miqdorida to‘lanishi belgilab qo‘yildi.

Bundan tashqari, ijara to‘lovining bir qismini qoplash uchun qo‘yiladigan bir qator talablar bekor qilinib, talabgorni aniqlash mezonlarini belgilash vakolati oliy ta’lim muassasasidagi komissiyaga berildi. Bu orqali haqiqatda ijaraga ehtiyojmand bo‘lgan talabalarning imtiyozdan foydalanish imkoniyati yanada oshiriladi. Shuningdek, talabalarga o‘z xonadonini ijaraga beruvchilarning mazkur faoliyatdan olgan daromadlari soliqqa tortilmaydi.

Yana bir qulaylik. Xabarda qayd etilishicha, ijara.soliq.uz sayti orqali ko‘chmas mulk ijara shartnomalarini 2 xil usulda hisobga qo‘yish mumkin. Bunda ijaraga beruvchi saytdan “Talabalar ijarasi” bo‘limini tanlab “Ijaraga oluvchi talaba to‘g‘risida ma’lumot” oynasiga ijaraga oluvchi talabaning JSHSHIRni kiritganda uning ma’lumotlari (F.I.O, ta’lim olayotgan o‘quv yurti, fakulteti, ta’lim shakli va bosqichi, shuningdek doimiy ro‘yxatga olingan manzili) avtomatik shakllanadi. Keyingi jarayonda “Qo‘shish” tugmasi orqali talaba bilan birga turgan boshqa talabalar dasturga kiritiladi.

So‘ngra “Telefon raqami” qatoriga ijaraga oluvchi talabaning telefon raqami kiritilib, “Tasdiqlash kodini yuborish” tugmasi bosiladi. Talabaning telefoniga SMS orqali kelgan 5 xonali raqam “Tasdiqlash kodi” qatoriga yozilib “Tasdiqlash” tugmasi bosiladi.

“Soliq” mobil ilovasining “Ijaraga berish” undan so‘ng “Talabalar uchun ijara shartnoma” bo‘limi orqali talabalar bilan tuzilgan ko‘chmas mulk ijara shartnomalari hisobga qo‘yiladi.

Ilovaga ijaraga beruvchi jismoniy shaxs tomonidan talabaning shaxsiy identifikatsiya raqami kiritilganda uning ma’lumotlari avtomatik shakllanadi. Talabalar FACE ID yoki telefon raqamiga SMS orqali keladigan 5 xonali raqamni kiritish orqali ijara shartnomasini tasdiqlashi mumkin.

Talabalar bilan tuzilgan ijara shartnomalari hisobga qo‘yilganda ushbu ma’lumotlar Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bazasida shakllanadi. Bu esa oylik ijara to‘lovining bir qismini qoplab berishda oliy o‘quv yurtlariga qulaylik yaratadi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, soliq to‘lovchining uy-joylarni talabalarga ijaraga berishdan olgan daromadlari soliqdan ozod etilgan.

 

Shahnoza Mamaturopova,  

O‘zA