Hukmron “Gruziya orzusi” partiyasining parlament fraksiyasi Konstitutsion sudga taqdim etish va Gruziya Prezidenti Salome Zurabishviliga nisbatan impichment jarayonini boshlash uchun imzo to‘plashga kirishdi. Bu haqda brifingda fraksiya yetakchisi Mamuka Mdinaradze ma’lum qildi.

“Chorshanba kunigacha hujjatlarni tayyorlash ishi tugatiladi, keyin imzolarning haqiqiyligini tekshirish uchun jarayon masalalari bo‘yicha qo‘mitaga taqdim etiladi. Shundan so‘ng tegishli xulosa chiqarib berish uchun hujjatlar Konstititsion sudga taqdim qilinadi”, dedi u.

Hukmron “Gruziya orzusi” partiyasi 1 sentyabrda prezidentga nisbatan impichment jarayonini boshlash to‘g‘risida bayonot bergan edi.  Bunga davlat rahbarining Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan uchrashuvga borgani sabab qilib ko‘rsatilgan. Zurabishvili Konstitutsiyaning “Prezident Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgandan keyin tashqi siyosatdagi vakolatli majburiyatlarini bajarishi mumkin”, deb qayd etilgan bandini buzganlikda ayblanyapti.

Konstitutsion sudga prezident impichmenti to‘g‘risida murojaat uchun 150 nafardan 50 deputatning imzosi zarur. Sud taklifni qo‘llagach, parlament impichment masalasi uchun ovoz beradi.

 

O‘zA