Bu qo‘shiqlar dunyo uzra yangragan va yangrashda davom etadi. Chunki Vatan, xalq dardu tashvishlari, eng yuksak tuyg‘ular ulug‘langan qo‘shiqlar millionlarning qalbini zabt etgan.
Qo‘shiqchilik san’atining eng yorqin yulduzi, betakror ovoz sohibi Sherali Jo‘rayev 77 yoshida vafot etdi…
Buyuk hofiz o‘z ijodiy faoliyati davomida yuzlab o‘lmas qo‘shiqlar yaratdi. Sherali Jo‘rayev ijod maktabiga asos soldi. Yuzlab shogirdlarni kamolga yetkazdi.
Sherali Jo‘rayev nainki O‘zbekistonda, balki mintaqamizdagi eng zabardast san’atkor sifatida e’tirof etilgan. O‘zbek milliy qo‘shiqchilik san’atiga hayotini baxshida etgan hofizning favqulodda noyob ovozi, ijro etgan har bir qo‘shig‘i har bir xonadonga, har bir yurakka kirib borgan, qalblarni zabt etgan.
San’atkorning o‘zbek tili va adabiyoti, san’atiga bo‘lgan mehri va sadoqati har bir ijrosida zohir edi. Afsus, bu tabarruk zot, ustoz-san’atkor endi oramizda yo‘q.
Hofiz ijro etgan qo‘shiqlar endi uning shogirdlari, farzandlari tomonidan davom ettiriladi.
Demak, salkam 80 yillik umr besamar ketmadi, undan yorqin iz qoldi.
O‘zA