Vazirlar Mahkamasi“Xorazm viloyati hududidan oqib o‘tgan Amudaryo daryosining qirgoq himoya dambalari va inshootlarini sel-toshqin suvlaridan himoya qilish ishlarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga ko‘ra, Amudaryoning qirgoq himoya dambalari va inshootlarini sel-toshqin suvlaridan himoya qilish uchun “Xorazm” milliy tabiat bog‘ining rekreatsiya zonasi hududidagi “Tangriko‘l” karerining 14-uchastkasida joylashgan 19 gektar yer maydonidagi xarsang toshlardan foydalaniladi.

Hudud belgilangan tartibda zaxiraga olinadi va Amudaryo Chapqirg‘oq himoya dambalari boshqarmasiga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratib beriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi karerdan qonunchilik hujjatlariga muvofiq foydalanishni;

atrof-muhitga ta’sirini baholash loyihalari ishlab chiqilishini va belgilangan tartibda davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazilishini;

favqulodda holatlardagina Amudaryo daryosining qirg‘oqbo‘yi zonasini mustahkamlash maqsadida foydalanishni;

foydalanish natijasida buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilish ishlari amalga oshirilishini;

noruda foydali qazilmalar qayta ishlangan va sotilgan hollarda, yer qa’ridan foydalanganlik uchun belgilangan tartibda soliqlar to‘lanilishini ta’minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi ajratiladigan yer maydonidan foydalanish davrida atrof-muhit muhofazasiga oid qonunchilik hujjatlari talablariga qat’iy rioya etilishi va buzilgan yerlar rekultivatsiya qilinishi ustidan nazorat o‘rnatadi.

                                                                                                      O‘zA