2023 yil 12 avgust kuni Toshkent xalqaro aeroporti oldida «Ko‘prikqurilish» tresti tomonidan qurilayotgan yo‘l o‘tkazgichning 42 metrlik 5 dona balkasi montaj joyidan tushib ketgan. “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning rasmiy bayonotida voqeaga kran yordamida montaj qilish jarayonidagi ehtiyotsizlik sabab bo‘lgani va hech kim jabrlanmagani ma’lum qilindi.

Halokat natijasida 2 mlrd 760 mln so‘mlik zarar yetkazilgan va Transport prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib,  3 nafar mansabdor shaxslar gumon qilinuvchi tariqasida ishga jalb qilinib, protsessual tartibda ushlangan.

14 avgust kuni esa “Zo‘r TV” telekanali muxbiri va tasvirchisi mavzuni o‘rganish maqsadida qurilish hududiga borganida qarshilikka uchragan va telekanal operatori jarohat olgan.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ ushbu holatga izoh berar ekan, OAV vakillariga zo‘ravonlik ko‘rsatib, ularga qarshi kuch ishlatgan xodim — «Ko‘prikqurilish» tresti unitar korxonasi 67-ko‘prikqurilish otryadi ish boshqaruvchisi N.Eshniyazov ekanligi va u qilgan ishi uchun o‘sha kunning o‘zida ishdan bo‘shatilganini ma’lum qildi.

Ushbu holat bo‘yicha Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi voqelikka huquqiy baho berish va adolatli qaror qabul qilishlarini so‘rab, Ichki ishlar vazirligi hamda Bosh prokuraturaga rasmiy murojaat yo‘lladi.

Milliy media birlashmasi boshqaruv raisi Sherzodxon Qudratxo‘ja ham ushbu holatni keskin qoralab, “Zo‘r TV” telekanali “Bu kun” dasturi operatori Sardorbek Yo‘ldoshevning burni singani, unga bosh miya chayqalishi tashxisi qo‘yilgan va ayni vaqtda u kasalxonada ekanligini, muxbir Nurzodbek Vohidovning ensa qismiga shikast yetganini ma’lum qildi hamda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ hamda “Trest ko‘prik qurilish” UK dan mas’ullarga intizomiy choralar ko‘rishni, shuningdek, keltirilgan moddiy va ma’naviy zarar qoplanishini so‘radi.

Ichki ishlar vazirligi “Zo‘r TV” teleradiokompaniyasi xodimlariga tan jarohati yetkazilganligi holati yuzasidan IIV Transport va turizm ob’ektlarida xavfsizlikni ta’minlash departamenti tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

O‘z navbatida O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zA ham jurnalistlar faoliyatiga bu tarzda qo‘pol qarshilik qilish holatlarini keskin qoralaydi.

Ishonchimiz komilki, bu masala huquq-tartibot organlari tomonidan to‘laqonli va xolisona o‘rganib chiqiladi hamda qonuniy choralar ko‘riladi. Ammo shunchaki kimnidir ishdan bo‘shatish bilan masala yopilmasligi kerak. Asoslar bo‘lgan holda aybdor shaxs(lar) jinoiy javobgarlikka tortilishi shart, deb hisoblaymiz.

Videoni to‘liq O‘zAning YouTube kanalida tomosha qilishingiz mumkin

Sardorbek Poyonov, Farrux Xudoyorov,

Nishonboy Abduvoitov (video), O‘zA