AQSH Ukrainaga o‘z chegaraviy hududini himoya qilish uchun yordam ko‘rsatmoqda, dedi Pentagon rasmiy vakili Patrik Rayder.

“Ukraina dronlarining Moskvaga uyushtirgan hujumiga kelsak, bu haqda ukrainaliklarning o‘zlari gapirsin. Shuni aytishim mumkinki, bizning pozitsiya 100 foiz ukrainaliklar o‘z hududini himoya qilishi uchun yordam berishga qaratilgan”, – dedi Rayder “Fox News” telekanali efirida chiqish qilib.

Bundan avvalroq Oq uy rasmiy vakili Karin Jan-Per dronlarning Moskvaga uyushtirgan hujumiga to‘xtalib, AQSH Ukrainaning Rossiya hududiga hujumini qo‘llab-quvvatlamaydi, degandi.

Moskva meri Sergey Sobyanin ma’lum qilishicha, dushanba kuni Moskvada dronlar hujumi qayd etilgan, ikki ma’muriy bino zarar ko‘rgan, jabrlanganlar yo‘q. Rossiya mudofaa vazirligi bayonot berishicha, dronlar radioelektron kurash vositasi yordamida yo‘q qilingan.