Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalarining yig‘ilishlari bo‘lib o‘tdi. Ularda bir qator qonun loyihalari muhokama etildi. Jumladan, O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

Mazkur qonun loyihasi bilan inson hayoti yoki sog‘lig‘i xavfsizligi talablariga javob bermaydigan tovarlarni ishlab chiqarish va sotganlik uchun jazo choralari yanada kuchaytirilishi taklif etilmoqda. Shuningdek, loyihada etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarganlik yoki muomalaga kiritganlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi nazarda tutilmoqda.

Qonun loyihasida tadbirkorning tovar brendidan noqonuniy foydalanib mahsulot ishlab chiqarish va realizatsiya qilish, sanitariya va veterinariya qonunchiligini buzish kabi ma’muriy huquqbuzarliklar uchun jazolarni kuchaytirish taklif etilmoqda.

Fraksiya a’zolari qonun loyihasida ko‘zda tutilayotgan normalar xususida o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, ular partiyaning dasturiy maqsad va vazifalariga hamohang ekanligini hamda partiya elektorati manfaatlariga to‘la mos kelishini ta’kidladilar.

Muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi ma’qullandi.

 Muhtarama Komilova, O‘zA