O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon bilan 24 iyul kuni bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqotida O‘zbekiston-Tojikiston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Suhbat avvalida Tojikiston yetakchisi davlatimiz rahbarini tug‘ilgan kuni bilan samimiy tabriklab, birodar O‘zbekiston xalqiga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladi.
Bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish hamda ikki tomonlama munosabatlar kun tartibini aniq amaliy mazmun bilan boyitish masalalari muhokama qilindi.
Yetakchilar ishbilarmonlik va gumanitar aloqalarni yanada faollashtirish, jumladan, qo‘shma ko‘rgazma va yarmarkalar o‘tkazish, yoshlarni keng jalb qilgan holda madaniy va sport tadbirlarini uyushtirish muhimligi haqida yakdil fikr bildirdilar.
Mintaqaviy sheriklik, shu jumladan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining muntazam maslahat uchrashuvlari va Orolni qutqarish xalqaro fondi doirasidagi hamkorlikka oid masalalar ham ko‘rib chiqildi.