Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xitoy Xalq Respublikasining Xunan provinsiyasi bilan savdo-iqtisodiy, investitsiya, sayyohlik va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlik qiladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi delegatsiyasining Xunan provinsiyasiga tashrifi doirasida bu borada memorandum imzolandi.

– Xunan provinsiyasiga tashrif samarali bo‘ldi, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari B.Sagidullayev. – Tashrif davomida qoraqalpog‘istonlik tadbirkorlar bilan Xunan provinsiyasining yirik korxonalari ishtirokida biznes-forum o‘tkazildi. Tadbirkorlar Xunan provinsiyasining qurilish, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, mashinasozlik sohalaridagi yetakchi korxonalari faoliyati bilan tanishdi. 50 dan ortiq ishchi guruh vakillari bilan muzokaralar o‘tkazildi. Turli sohalardagi loyihalar, shuningdek, import va eksport kelishuvlarini amalga oshirish bo‘yicha 66 million dollarlik bitim imzolandi?.

Qoraqalpog‘iston delegatsiyasi Xunan provinsiyasi gubernatorining o‘rinbosari Xe Baosyan bilan uchrashdi. Muloqotda asosiy e’tibor hududlararo hamkorlikni kengaytirishga qaratildi.

Xe Baosyan o‘zaro savdo hajmini kengaytirish va ikki tomonlama aloqalarni yanada mustahkamlash zarurligini ta’kidladi.

Xitoy O‘zbekiston hukumatining Xitoy investitsiyalarini Qoraqalpog‘istonga jalb qilish bo‘yicha faolligini qo‘llab-quvvatlaydi. Jumladan, qurilish, qishloq xo‘jaligi va turizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, sifatli meva-sabzavot mahsulotlarini Xitoy bozoriga yetkazib berish juda muhim ekani qayd etildi.

Hududlararo hamkorlikning muhim yo‘nalishlarini belgilab beradigan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xunan provinsiyasi o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha memorandum o‘zaro ko‘p qirrali munosabatlarni mustahkamlash yo‘lidagi birinchi amaliy qadam bo‘ldi.

Tashrif davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi ishbilarmonlari bilan Xunan provinsiyasi kompaniyalari o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Bir qator manfaatli kelishuvlarga erishildi, ikki hududning xo‘jalik yurituvchi subyektlari o‘rtasida eksport va import shartnomalari imzolandi. Jumladan, Qoraqalpog‘istonda talab yuqori bo‘lgan va eksportga yo‘naltiriladigan mahsulotlar ishlab chiqarish uchun yuqori texnologik uskunalar, Xitoyga shirinmiya yetkazib berish, ushbu mamlakat kompaniyalari bilan artemiya sistalarini eksport qilish bo‘yicha shartnomalar imzolandi.

Xitoyning 20 dan ortiq korxona va kompaniya rahbarlari bilan o‘tkazilgan muloqotda Qoraqalpog‘istonda qamishni qayta ishlash va qog‘oz ishlab chiqarish bo‘yicha yirik zavod qurilishiga investitsiya kiritish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Xitoydagi “Fen shi”, “Min Dao”, “De Nun” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari ta’sischisi Ma Lumin Qoraqalpog‘istondagi xomashyo bazasini o‘rganib, bu yerda qog‘oz ishlab chiqaruvchi uchta zavod qurilishiga 60 million dollar miqdorida investitsiya kiritish bo‘yicha qaror qabul qilinganini ma’lum qildi.

Bundan tashqari, “Hunan Runwo Biotechnology Co. Ltd” va “Fenghui Biotechnology Co. Ltd” kompaniyalari bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasining sho‘rlangan yerlarida innovatsion texnologiyalarni qo‘llash sohasida hamkorlik bo‘yicha memorandum imzolandi.

 

Anvar Nasirlayev, O‘zA