Bugun mamlakatimizda elektr energiyasiga bo‘lgan talabning kun sayin ortishi natijasida muqobil energiya manbalarini amaliyotga keng joriy etish masalasi dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Joylarda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini o‘rnatish orqali quyosh nurlaridan elektr energiyasini ishlab chiqarish va yashil energiyadan foydalanish ko‘lami ortib, energiya tanqisligining oldi olinmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasida “Ob’ektlarda quyosh panellarining o‘rnatish ishlarini muvofiqlashtirish va monitoring qilish” bo‘yicha tuzilgan ishchi guruh a’zolari Oliy ta’lim muassasalari va ijtimoiy soha ob’ektlarida bo‘lib, quyosh panellari o‘rnatilishi bilan yaqindan tanishdi.

Ta’kidlash joizki, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2023 yil davomida jami 1 ming 227 ta ijtimoiy soha ob’ekti va davlat idorasida quyosh panellari o‘rnatilishi belgilangan. Bu reja II yarim yillik boshida 46,3 foiz bajarildi. Hozirda ijtimoiy soha ob’ektlari va davlat idoralariga jami quvvati 5 ming 713 kvt/soatga teng bo‘lgan quyosh paneli o‘rnatilib, ishga tushirilgan.

Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalari instituti bugungi kunda to‘laqonli ravishda “yashil energiya”dan foydalanmoqda. Ob’ektda yil davomida o‘rnatilishi belgilangan reja ortig‘i bilan bajarilib, jami 115 kvt/s quvvatga ega quyosh panellari, shuningdek, qo‘shimcha ravishda 200 litrlik suv isitish geliokollektorlari ham o‘rnatilgan. Institut hududidagi yo‘llarni yoritayotgan 20 ko‘cha chiroqlari ham quyosh energiyasidan quvvat oladi.

Nukus shahridagi Respublika ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga ham 250 kvt/soat quvvatga ega quyosh panellari o‘rnatilishi yakunlandi. Ushbu ijtimoiy soha ob’ekti ham endilikda elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini fotoelektr manbalari hisobiga qanoatlantirib, o‘z ehtiyojidan ortgan elektr energiyasini davlatga topshirish ham ko‘zda tutilgan.

 

Dovud ABIBULLAEV,  

O‘zA muxbiri