O‘zbekiston, Pokiston va Afg‘oniston o‘rtasida “Termiz – Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar” Trans-Afg‘on temir yo‘lini qurish bo‘yicha muzokaraning yakuniy bosqichi boshlandi. Bu haqda “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi matbuot xizmati xabar berdi.

Mintaqa uchun muhim ahamiyatga ega ushbu loyiha iqtisodiy aloqani mustahkamlashning asosiy sharti hisoblanadi, – deyiladi xabarda.

Muloqot davomida turli jihatlar, jumladan, moliyalashtirish mexanizmi, qurilish, texnik tafsilot va loyihani amalga oshirish muddati muhokama qilinyapti. Tomonlar umumiy manfaatli hamkorlikka yuqori qiziqish bildirmoqda, muvaffaqiyatli va maqbul yechimlar topishga intilyapti.

Qayd etish o‘rinli, Trans-Afg‘on liniyasi O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida Afg‘oniston orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri temir yo‘l aloqasini o‘rnatadi, savdo va logistika ta’minotini samarali yo‘lga qo‘yish imkonini beradi.

Qiymati 4,6-8,2 milliard dollarga baholangan loyihani 2027 yilgacha yakunlash rejalashtirilgan.

O‘zA