BRIKS guruhi (Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va Janubiy Afrika Respublikasi) 50 dan ziyod mamlakatni birlashtira oladi. Bu fikrni JAR Tashqi ishlar vazirligi maxsus topshiriqlar bo‘yicha elchisi Anil Suklal bildirdi. “Independent Online” axborot portali yozishicha, Suklal BRIKSga ko‘plab davlatlar, jumladan, Misr, Birlashgan Arab Amirliklari, Indoneziya va Argentina qo‘shilish istagini bildirganini aytgan.
“BRIKS kelajak dunyoni ifodalaydi, global Janubning ta’siri kuchayib bormoqda. Tuzilmani yer yuzi bo‘ylab yaxshi tomonga o‘zgarish katalizatori sifatida ko‘rish kerak”, dedi diplomat.
Elchining fikricha, mazkur uyushma iqtisodiy va geosiyosiy qudrati, moliyaviy salohiyati bilan jozibador. – Biz mahalliy valyutalarda savdo hamkorligini chuqurlashtirish g‘oyasi ustida ishlashni davom ettiramiz, – dedi Suklal. – Mamlakatlar ko‘proq moliyaviy moslashuvchanlikka ega bo‘lish, dollarga kamroq qaram bo‘lishni xohlaydi.
Bu yil BRIKSga Janubiy Afrika raislik qilmoqda.