Oq uy Qirg‘izistonga nisbatan iqtisodiy chora tayyorlamoqda, deb yozdi “Washington Post” amerikalik yuqori lavozimli shaxsga tayanib. Xabarda aytilishicha, Qo‘shma Shtatlar Qirg‘izistondan sanksiya ro‘yxatiga tushgan mahsulotlarni Rossiyaga eksport qilishni to‘xtatishni talab qilmoqda.

“RIA Novosti” yozishicha, avvalroq YeI vakillari Markaziy Osiyo respublikalari, jumladan, Qozog‘iston va Qirg‘izistonga shuningdek, Armanistonga Yevropa Ittifoqidan savdo karvoni “shubhali” tarzda ko‘paygani, bunday yuklar Rossiyaga yetkazilayotganini ta’kidlagan. 

“Jo Bayden ma’muriyati ushbu mamlakatni Rossiya bilan savdo qilishni to‘xtatishga majbur qilish uchun yangi iqtisodiy choralar tayyorlamoqda”, – deyiladi nashr tarqatgan xabarda.

Manbalar ma’lum qilishicha, xulosa joriy hafta e’lon qilinishi mumkin. Ayni choralar amerikalik va yevropalik diplomatlarning Bishkekka “bir necha oy davomida amalga oshirgan samarasiz tashrifi” ortidan qo‘llanmoqda.