“O‘zagroinspeksiya”ning Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tuman bo‘limi tashabbusi bilan fermer xo‘jaliklari, boshqa qishloq xo‘jaligi korxona va tashkilotlar vakillari ishtirokida g‘o‘za agrotexnik tadbirlarining sifatli amalga oshirilishi, jumladan, g‘o‘za qator orasiga ishlov berish va g‘o‘zani chekanka qilish bo‘yicha ko‘rgazmali seminar tadbiri o‘tkazildi.

Seminar kun tartibidagi masalalar yuzasidan tajribali mutaxassislar va dehqonlarning tavsiyalari tinglanib, fikr almashinildi. Joriy yil hosili uchun To‘rtko‘l tumanida 8 ming gektardan ortiq maydonga chigit qadalgan bo‘lib, bugungi kunda g‘o‘zalar tobora rivojlanib, shonalash, gullash va ko‘saklash pallasiga kirdi.

Aytish joizki, ayni kunlarda dalalarda kultivatsiya, g‘o‘zani oziqlantirish va sug‘orish kabi agrotexnik tadbirlar davom etmoqda. Jumladan, tuproq yetilishi bilan kultivatorni kechiktirmasdan kiritilishi o‘simlikning oziqlanish tizimi yaxshilanishi, yosh nihollarning ildiz chirish va gommoz kasalliklari bilan zararlanishning oldi olinadi. Tuman bo‘yicha mavsumga 200 dan ortiq kultivator jalb etilgan bo‘lib, g‘o‘za qator orasiga mavsum boshidan o‘rtacha 3-5 martadan ishlov berish ishlari amalga oshirildi.

Hozirga kelib, zamonaviy texnikalar bilan g‘o‘za qator oralariga ishlov berish, chuqur yumshatish, suspenziya sepish, mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirish kabi agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida sifatli olib borgan fermer yerlarida g‘o‘zalar to‘liq gullagan. Tadbirda g‘o‘za maydonlarida barcha agrotexnik tadbirlarni kechiktirmasdan o‘tkazish bo‘yicha fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxona va tashkilot vakillariga tavsiya va ko‘rsatmalar berilmoqda.

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA muxbiri