Xalqimizda azal-azaldan keksalarga hurmat-e’tiborda bo‘lish, ularni asrab-avaylab, maslahatlariga, nasihatlariga quloq tutish insoniylik fazilatlardan biri hisoblangan. Sayohat insonga nafaqat mazmunli hordiq, yoqimli lahzalar taqdim etadi, balki tajriba va bilim, keng dunyoqarashga ham ega bo‘lish imkonini beradi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi Bahodirjon Sidiqov “Amudarya”, “Jiydeli baysin”, “Anasay” va “Samanbay” mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi keksa avlod vakillari uchun Qozog‘iston Respublikasining Turkiston shahriga sayohat tashkil qildi.

Turkiston shahridagi Xo‘ja Ahmad Yassaviy me’moriy majmuasi Sohibqiron Amir Temur buyrug‘iga asosan 1385 – 1405 yillarda bunyod etilgan. Turkiston deganda, buyuk ajdodlarimiz yashagan bepoyon tarixiy makon ko‘z oldimizga keladi. Ayni paytda qo‘shni Qozog‘istonning tarixiy kentlaridan biri ham Turkiston deb ataladi. Turk dunyosining yuragi bo‘lgan bu ko‘hna shahar ahli buyuk mutafakkir, shoir, Yassaviya tariqatining asoschisi Ahmad Yassaviy nomi bilan haqli ravishda faxrlanishadi. Yassaviyning shahar markazidagi maqbarasi turli davlatlardan kelgan ziyoratchilar bilan gavjum.

– Deputat  tashabbusi  bilan   mazkur sayohatga  turli sohalarda fidoiy  mehnat qilgan 50 nafardan ziyod nuroniylar bordi, – deydi O’zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi bo‘lim mudiri S.Zaitov. – Yoshi ulug‘ onaxon va otaxonlar  ko‘rsatilayotgan e’tibor va hurmatdan ko‘ngillari to‘ldi va o‘z minnatdorchiligini bildirishdi.

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA muxbiri