11-12 iyul kunlari Litva poytaxti Vilnyusda NATO ga a’zo davlatlar sammiti bo‘lib o‘tdi. Anjumanda quyidagi masalalar yuzasidan bayonot berildi:

NATO mamlakatlari yetakchilari Ukrainani ko‘p yillar davomida qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hujjatlar majmuasini tasdiqladi. Kelishuv Ukraina qurolli kuchlarini g‘arbiy blok standartiga moslashtirishni ko‘zda tutadi. Bandlardan birida Ukrainani alyansga qo‘shib olishning soddalashtirilgan jarayoni aks etgan, deydi tashkilot Bosh kotibi Yens Stoltenberg.

***

Qabul qilingan kommyunikeda Eron “Rossiyaga harbiy yordam ko‘rsatish”ni to‘xtatishga chaqirildi, ushbu mamlakatning ittifoqchilar hududida olib borayotgan dushmanlarcha hatti-harakatidan xavotir bildirildi.

“Eron Ukraina bilan ziddiyatda Rossiyani qo‘llab-quvvatlashi Yevroatlantika xavfsizligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, biz EIRni Rossiyaga harbiy yordam ko‘rsatish, xususan, uchuvchisiz uchar apparatlar yetkazib berishni to‘xtatishga chaqiramiz”, deyiladi hujjatda.

***

– NATO Rossiyani armiyasini zudlik bilan va hech qanday shartlarsiz Ukraina

hududidan olib chiqishga chaqiradi, – deyilgan yakuniy bayonotda. – Rossiya ushbu noqonuniy urushni zudlik bilan to‘xtatishi kerak, Ukrainaga qarshi kuch ishlatishni bas qilishi, kuchlari va texnikasini to‘liq hamda oldindan qo‘yiladigan shartlarsiz Ukrainaning xalqaro tan olingan chegaralarigacha bo‘lgan hududdan olib chiqishi kerak.

Alyans RF tomonidan anneksiya qilingan hududlarni hamda Qrim qo‘shib olinishini hech qachon tan olmasligini ham ta’kidlagan.

***

Shimoliy Atlantika alyansi Belarus va  Eronni Rossiyaga yordam berayotganlikda ayblab, ushbu mamlakatlarni xalqaro huquq normalariga rioya qilishga chaqirgan.

***

A’zo mamlakatlar Yevropaning sharqiy qismiga qo‘shimcha ravishda kuchlarini joylashtiradi, zaruratga qarab bo‘linmalarni brigada miqdoriga yetkazadi, deyiladi hujjatda. Aniqlik kiritilishicha, sakkizta ko‘p millatli jangovar guruh tashkil etilgan. Bu itifoqchilar tegishli hududning har bir qarichini himoya qilishga tayyorligini bildiradi.

***

NATO Rossiyaning Ukrainaga xuruji silsilasida Yevropaning uchuvchisiz uchar qurilmalari va giper tovushli raketa hujumiga qarshi havo mudofaasi tizimini kuchaytiradi.

***

Vladimir Zelenskiyning “tinchlik formulasi” hamda BMT Bosh Assambleyasining Ukraina nizosini to‘xtatishga qaratilgan sa’y-harakati qo‘llab-quvvatlanadi, deyiladi qabul qilingan коммюniкеда.

Ta’kidlanishicha, NATO BMT nizomiga asoslangan adolatli va mustahkam tinchlikka erishish tarafdari.

***

Prezident Zelenskiy Vilnyusda NATO Ukraina xavfsizligini ta’minlaydi, Ukraina esa NATOni yanada kuchli qiladi, dedi.

***

NATO Yadro qurolini tiyib turish bo‘yicha missiya samaradorligi va xavfsizligini ta’minlash uchun zarur qadam tashlaydi. Bu jarayonda yadroviy imkoniyatni modernizatsiyalash va Shimoliy Atlantika ittifoqi yadro kuchlari qayishqoqligi va moslashuvchanligini oshirish maqsadida mavjud rejalarni yangilash ko‘zda tutilgan, deyiladi yakuniy bayonotda.

***

Toki, yadro quroli bor ekan, NATO yadroviy alyans bo‘lib qoladi. Tuzilmaning maqsadi – barcha uchun yanada xavfsiz dunyo yaratish.

A’zo mamlakatlar Xitoy alyans manfaati va qadriyatiga tahdid soladi, deb biladi, biroq XXR bilan hamkorlik uchun eshik ochiqligini ta’kidlaydi.

***

Moldova xavfsizlik, mudofaa hamda qurolli kuchlarni modernizatsiyalash imkoniyatini mustahkamlayotgan ekan, NATO ushbu mamlakatga yordamni kuchaytirish yo‘li bilan amaliy ko‘mak beradi.

Alyans Moldovani Yevropaga integratsiya jarayonida ham qo‘llab-quvvatlaydi, deyiladi hujjatda.

***

NATO Rossiya bilan qarama-qarshilikka intilayotgani yo‘q, ushbu mamlakatga tahdid solmaydi, biroq hozirgi sharoitda RFni sherik hisoblay olmaydi.

Kommyunikeda ta’kidlanishicha, NATO tahdidni kamaytirish va qurolli mojaroga yo‘l qo‘ymaslik uchun Moskva bilan aloqaning ochiq yo‘laklarini qo‘llab-quvvatlashda davom etadi.

***

Ishtirokchi mamlakatlari Gruziyada alyansga qo‘shilish huquqi mavjudligini tasdiqladi. Buning uchun Gruziya mavjud standartga kiritilgan barcha shartlarni, jumladan, a’zolikka kirish bo‘yicha harakatlar rejasini bajarishi kerak.

***

2024 yil NATO sammiti AQSHda o‘tadi, 2025 yil esa oliy darjadagi uchrashuvga Niderlandiya mezbonlik qiladi.

“Biz Litva Respublikasi ko‘rsatgan mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildiramiz. Alyansning 75 yilligi munosabati bilan uyushtiriladigan navbatdagi muloqotni 2024 yil Vashintonda kutib qolamiz, so‘ngra 2025 yil Niderlandiyada uchrashamiz», – deyiladi alyansning rasmiy portalida e’lon qilingan bayonotda.

S.Rahimov, O‘zA