Qurilish materiallari sanoatini rivojlantirishda mas’ul idora va muassasalar vakillaridan iborat O‘zbekiston delegasiyasi Italiya davlatida bo‘lib, Italiya keramika ishlab chiqaruvchilari konfederatsiyasi, savdo va eksport-kredit agentliklari, “Italiya-O‘zbekiston” palatasi hamda qator yetakchi kompaniyalar mutasaddilari bilan amaliy uchrashuvlar o‘tkazdi. Tashrif doirasida manfaatli kelishuvlarga erishildi.

Davlatimiz rahbari boshchiligida mahalliy sanoatni rivojlantirishda har bir yo‘nalishda yetakchi davlatlar tajribasini o‘zlashtirishga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilangan.  Xususan, keramika plitalar, sanitar-texnik buyumlar hamda chinni idishlar ishlab chiqarishni Yevropa standartlariga muvofiqlashtirish bo‘yicha alohida topshiriqlar berilgan.

Shu maqsadda Italiyada bo‘lgan delegatsiya a’zolari mazkur sohaga aloqador o‘nga yaqin tashkilot va muassasalar hamda yirik ishlab chiqaruvchilar bilan muzokaralar o‘tkazdi.

“Azzurra Ceramica” sanitar-texnik buyumlar ishlab chiqarish kompaniyasi, “Arcucci Cyeramica” keramika va sopol idishlar ishlab chiqarish korxonasi, “Senini” turli bloklar, qoplamalar va yo‘lak plitalari ishlab chiqarish kompaniyasi hamda “SIVER S.R.L.” distribyutorlik kompaniyasi vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar natijasida hamkorlik to‘g‘risida kelishuvlar imzolandi.

Investitsiyalar, eksportni qo‘llab-quvvatlash va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda “Confindustria Ceramica” – keramik mahsulotlar ishlab chiqaruvchilar konfederatsiyasi, “ICE” – Italiya savdo agentligi, “Sisai” hamda “Imagro Group” injiniring-konsalting xizmatlari kompaniyalari bilan sherikchilik munosabatlari o‘rnatildi.

Italiya – O‘zbekiston savdo palatasi, Qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish bo‘yicha Kengash hamda «O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi o‘rtasida keramika mahsulotlari sanoatida hamkorlikni tashkil etish bo‘yicha imzolangan memorandumda sohani yangi bosqichga olib chiqadigan loyihalarni amalga oshirish, mahsulotlar sifatini xalqaro standartlarga moslashtirish, mutaxassislar tayyorlash, texnologlarni jalb qilish hamda ko‘rgazmalarda ishtirok etish orqali O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni dunyo bozorida tanitish masalalari ilgari surildi.

Reklama huquqi asosida

Bank Axborot xizmati