To‘rtko‘l tumani tibbiyot kolleji jamoasi o‘rtasida bo‘lgan mojaroli holatlar bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video tasvirlar yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Prokuraturasi rasmiy munosabat bildirdi.

Unda qayd etilishicha, fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqish va hal qilish barcha davlat idoralari, shu jumladan, prokuratura organlarining ham ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi. Joriy yil birinchi yarmida Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuratura organlariga jami 8 ming 294 murojaat kelib tushib, shundan 6 ming 112 tasi bevosita prokuratura organlari tomonidan hal qilingan. Ularning 1 ming 816 tasi qanoatlantirilib, 2 ming 17 nafar fuqaro va yuridik shaxsning huquqi tiklandi.

Bevosita sayyor qabullarda prokurorlar tomonidan salkam 3 ming nafar fuqaro qabul qilinib, ulardan 810 nafarining talabi qanoatlantirilgan. Shu jumladan, ijtimoiy tarmoqlar orqali kelib tushayotgan murojaatlar ham prokuratura organlarining alohida e’tiborida bo‘lib, natijalari doimiy ravishda keng jamoatchilik e’tiboriga yetkazilmoqda.

2023 yil 5 iyul kuni murojaat yo‘llagan To‘rtko‘l tumani tibbiyot kolleji o‘qituvchilari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Prokuraturasi tomonidan qabul qilinib, bu borada tekshirish harakatlari o‘tkazilmoqda. Uning yakuniga ko‘ra, barcha holatlar to‘liq va xolisona o‘rganilishi hamda huquqiy baho berilishi ta’minlanadi.

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA