Keyingi yillarda mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish, sohani davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirish borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda Prezidentimiz tomonidan aholi va tadbirkorlik sub’ektlarini energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash, sohaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga alohida e’tibor qaratilyapti.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida “Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etishni jadallashtirish munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda muhokama etildi.

Qayd etilganidek, sohaning huquqiy asoslarini yanada mustahkamlash maqsadida ishlab chiqilgan mazkur qonun loyihasi bilan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatgan jismoniy va yuridik shaxslarga bir qator soliq imtiyozlari belgilanmoqda. Xususan, umumiy quvvati 100 kVtgacha bo‘lgan qayta tiklanadigan energiya manbalari qurilmalaridan foydalangan holda umumiy tarmoqqa sotilgan elektr energiyasidan olinadigan daromadlarni foyda solig‘idan ozod etish taklif etilmoqda.

Shu bilan birga, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanuvchi jismoniy va yuridik shaxslarni mol-mulk solig‘idan, qurilmalar bilan band bo‘lgan yerlar bo‘yicha yer solig‘idan ozod etish nazarda tutilmoqda.

Yerdan oqilona foydalanish, ko‘p qavatli ishlab chiqarish binolarini qurish hamda hududlarning sanoat salohiyatini kengaytirish maqsadida ko‘p qavatli ishlab chiqarish binolarini foydalanishga topshirgan tadbirkorlarni mol-mulk solig‘ini pasaytirilgan koeffitsiyentlarda to‘lashga doir imtiyozlar belgilash ko‘zda tutilmoqda.

Fraksiya a’zolari O‘zbekiston Ekologik partiyasining dasturida ham mamlakatda “yashil” iqtisodiyotga o‘tish, qayta tiklanuvchi va boshqa muqobil energiya manbalarini tatbiq etish jarayonlarini faollashtirish borasida alohida maqsad-vazifalar belgilab olingani, ushbu qonun loyihasi partiyaning bu boradagi dasturiy vazifalariga hamohang ekanligini ta’kidladilar. Shundan kelib chiqib, deputatlar qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda qo‘llab-quvvatladi.

 

M.Komilova,  

O‘zA