FOTOREPORTAJ
Murakkab iqlim va tuproq sharoitiga ega, ekologik og‘ir hudud hisoblangan Orolbo‘yida dehqonchilik qilish oson yumush emas. Biroq shunday sharoitda ham yer bilan tillashib, uni daromad manbaiga aylantira olgan omilkorlar bor. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qanliko‘l tumani «Do‘stlik» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Toliboy Boyniyozov ana shunday insonlardan biri.
T. Boyniyozov xonadonidagi 8 sotixdan iborat tomorqasida, bir necha yildirki, meva va sabzavot mahsulotlarini yetishtirib kelmoqda. 2 sotixli issiqxonada qish kunlari bodring va pomidor ko‘chatlarini ekib, erta bahordan ushbu sabzavotlarni bozorga chiqarib sota boshlaydi. Olma, o‘rik, nok, uzum, olxo‘ri kabi mevali daraxtlar ham birin-ketin hosil berib, ro‘zg‘orga baraka kiritadi.
– Rafiqam Tozagul bilan xonadonimizda gulchilikni ham yo‘lga qo‘ydik, – deydi Toliboy aka. – Bir sotix maydondagi issiqxonada atirgul, xrizantema, begoniya kabi gullar bilan birga limon, xurmo ko‘chatlarini parvarishlashni o‘zlashtirdik. Qimirlagan qir oshar, deb bekorga aytmas ekanlar. Shu mehnatimiz tufayli dasturxonimiz to‘kin, orzu-havaslarimizga birma-bir yetishyapmiz. Muhimi, farzandlarimiz ham yerga mehr qo‘yib ulg‘aymoqdalar.
Maqsad HABIBULLAEV(surat),O‘zA