Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida fraksiya a’zolari “O‘zbekiston Respublikasining Bojxona kodeksiga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqdi.

Ushbu qonun loyihasida bojxona bojidan ozod etish tarzidagi tarif imtiyozlari qanday tartibda berilishi bo‘yicha aniqlik kiritildi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan sport kiyimlari, ashyolari, oyoq kiyimlari, sport anjomlari, jihozlar hamda uskunalarni Milliy olimpiya va paralimpiya qo‘mitalari, olimpiya hamda paralimpiya sport turlari bo‘yicha federatsiyalar taklifiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi tomonidan shakllantirilgan ro‘yxat asosida davlat hamda nodavlat sport-ta’lim tashkilotlari tomonidan o‘z ehtiyojlari uchun xorijdan import qilinganda, bojxona bojini to‘lashda 50 foizga qadar imtiyoz berilishi belgilanmoqda.

Fraksiya a’zolari qonun loyihasi muhokamasiga partiya maqsad va vazifalaridan kelib chiqqan holda yondashib, o‘z fikr-mulohazalarini, taklif va tavsiyalarini bildirdi.

Deputatlar qonun loyihasining qabul qilinishi davlat va nodavlat sport-ta’lim muassasalarida olimpiya va paralimpiya sport turlari bo‘yicha sportchilarni tayyorlash va ularning davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishiga erishilishini alohida ta’kidladi. Shundan kelib chiqib, loyihani ma’qulladi.

Shuningdek, yig‘ilishda boshqa bir qator qonun loyihalari ham ko‘rib chiqilib, ma’qullandi.

 

M.Komilova,  

O‘zA