O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayan bilan muzokara o‘tkazdi. Tomonlar kompaniyaning mamlakatimizdagi joriy loyihalari holatini, energetika va kimyo sanoatida investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbolini muhokama qildilar.

Uchrashuvda mazkur xorijiy korxonaning respublika energetika tarmog‘ini rivojlantirishga qo‘shgan salmoqli hissasi qayd etildi. Bugungi kunda kompaniyaning mamlakatimizdagi investitsiya portfeli umumiy qiymati 6,8 milliard dollardan ortgan, umumiy quvvati 5,5 GVtdan ziyod 8 ta loyihadan iborat. Kompaniya faoliyati O‘zbekistonni qulay investitsiyaviy yo‘nalish va Markaziy Osiyo mintaqasida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish bo‘yicha yetakchi markaz sifatida ilgari surishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Sirdaryoda quvvati 1,5 GVt bug‘-gaz elektr stansiyasi, Buxoro viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasida umumiy quvvati 2,6 GVtga teng shamol elektr stansiyalari hamda Samarqand va Toshkent viloyatlarida 1,4 GVt quvvatli quyosh stansiyalari qurish loyihalarini amalga oshirish bilan bog‘liq dolzarb masalalar yuzasidan konstruktiv fikr almashildi.

Loyihalarni jadal ishga tushirishni ta’minlash bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar majmuasini qabul qilishga kelishildi.

 

Alohida tartibda bir qator yangi tashabbuslar ko‘rib chiqildi. Shu tariqa, tomonlar zarur jarayon yakunlangani va yiliga 3 ming tonna quvvatga ega “yashil” vodorod ishlab chiqaruvchi zavod qurilishi loyihasi bo‘yicha yangi kelishuv tuzilganini olqishladi. Qurilish ishlari joriy yil kuzda boshlanadi.

Bundan tashqari, shamol turbinalari uchun uskuna ishlab chiqarishni mahalliylashtirish loyihasini jadallashtirish istiqboli muhokama qilindi. Ikkala tomonning fikriga ko‘ra, mazkur loyihaning O‘zbekistonda amalga oshirilishi qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish geografiyasi va hajmini sezilarli darajada kengaytiradi va mazkur texnologiyalarning ichki bozorda ommabopligini oshiradi.

Muzokara yakuni bo‘yicha muhokama qilingan loyiha va tashabbuslarni vaqtida, muvaffaqiyatli amalga oshirish doirasida maqsadli chora-tadbirlar ko‘rishga kelishildi.

 

O‘zA