Insoniyat oldida turgan eng dolzarb muammolardan biri global iqlim o‘zgarishi tufayli yuzaga kelayotgan qurg‘oqchilik, cho‘llanish va degradatsiya masalalaridir. Yildan-yilga yog‘ingarchilikning kamayib borayotganligi qurg‘oqchilikning davomiy bo‘lishiga, tabiiy o‘simliklarning qurishiga va cho‘llanish jarayonlarining tezlashishiga olib kelmoqda. Ushbu holatlar esa mamlakat iqtisodiyotiga, jumladan, qishloq xo‘jaligiga sezilarli darajada salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Kuni kecha Toshkentda o‘tkazilgan “Qishloq xo‘jaligi yerlariga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish, ularni bozor aktiviga aylantirish hamda yaylovlarni muhofaza qilish va ulardan samarali foydalanishni tashkil etish” mavzusidagi davra suhbati ushbu muammoning yechimini izlashga bag‘ishlandi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) bilan hamkorlikda tashkil etildi, deya xabar beradi O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi Axborot xizmati.

Qayd etish joizki, FAO Global ekologik jamg‘armasi (GEF) tomonidan moliyalashtirilgan loyihalarni amalga oshirish orqali yaylovlarni barqaror boshqarish, ekotizimni saqlash, yerlarning degradatsiyasi, qurg‘oqchilik va sho‘rlanishga qarshi kurashishga katta hissa qo‘shmoqda. Bu “O‘zbekistonning qurg‘oqchilikka uchragan ekotizimlarida yaylovlar va o‘rmonlarni barqaror boshqarish”, “O‘zbekistonda oziq-ovqat tizimlari, yerdan foydalanish va uni qayta tiklash ta’sirini baholash dasturi” hamda “Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurg‘oqchil va sho‘rlangan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish landshaftlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish” (CACILM-2) mintaqaviy loyihalaridir.

Loyihalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 22 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurashish bo‘yicha ishlar samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2022 yil 10 iyundagi “Yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashishning samarali tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlarini amalga oshirishga hissa qo‘shadi.

Hozirgi kunda respublikamizda 21,1 million gektardan ziyod yaylov mavjud, ular chorvachilik, ipakchilik, asalarichilik kabi qishloq xo‘jaligi tarmoqlari uchun muhim manba bo‘lib xizmat qiladi. Lekin yaylovlardan foydalanish bo‘yicha amaldagi tartib-qoidalar ularni asrash, bioxilma-xillikni ta’minlash, urug‘chilik xo‘jaliklarini tashkil qilish, agrar tadbirkorlikni rivojlantirish va mahsulot yetishtirish uchun talab darajasida emasligi bois, yangi tahrirda “Yaylovlar to‘g‘risida”gi qonun loyihasi hamda yaylov maydonlarini ijaraga berish tartibi ishlab chiqilmoqda.

Ushbu tadbirni o‘tkazishdan asosiy maqsad keng jamoatchilikning, xususan, olimlar va mutaxassislarning e’tiborini yaylovlarni muhofaza qilish, ulardan oqilona foydalanish hamda barqaror boshqarish bilan bog‘liq dolzarb muammolar, ularning samarali yechimi bo‘yicha islohotlarni belgilab olishga qaratilgan.

Hozirda Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimidagi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi tasarrufida jami 17,4 million gektar yaylov yer maydonlari mavjud.

2018-2022 yillarda “O‘zdaverloyiha” instituti tomonidan 10 million gektar yaylovda geobotanik tadqiqot o‘tkazilgan bo‘lib, shundan 640 ming gektar yaylovning turli darajada degradatsiyaga uchraganligi aniqlangan.

Degradatsiyaning asosiy sabablari yaylovlarda almashlab boqishni tashkil etilmaganligi, yuklamaning ko‘payib ketishi, infratuzilma ob’ektlarining ishdan chiqqanligi, o‘simliklar urug‘chiligi yetarli darajada tashkil qilinmaganligi, qurg‘oqchil mavsumlarning davomiyligi hisoblanadi.

Tadbirda yaylovlar degradatsiyasiga qarshi kurashish borasida barcha kuchlarni yagona maqsad sari birlashtirish orqali dunyoning ilg‘or davlatlari tajribalarini, yangi zamonaviy innovatsion texnologiyalarni sohaga joriy etish, yaylovlardan ilmiy asoslangan holda oqilona va samarali foydalanishni tashkil qilish  haqida so‘z bordi.

Davra suhbati ilg‘or tajribalar va ilmiy yangiliklar asosida yaylovlar degradatsiyasiga qarshi kurashishda muhim qadam bo‘lib, kelajakda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda, global iqlim o‘zgarishining salbiy ta’sirlarini yumshatishga qaratilgan barqaror rivojlanish yo‘lida aniq strategik maqsadlarni belgilab olishga xizmat qiladi.

 

 O‘zA