Xabar berganimizdek, 2 million AQSH dollari miqdorida mukofot jamg‘armasiga ega mazkur turnirda dunyoning 56 nafar eng kuchli shaxmatchilari 3 ta divizionga bo‘lingan holda g‘oliblik uchun kurash olib bormoqda.

O‘tgan yilgi “Chess Kid” kubogi natijalariga ko‘ra, 4 nafar grossmeyster “Aimchess Rapid” onlayn turnirining 1 divizionida dona surmoqda.

Kecha hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov amerikalik Uesli So bilan kuch sinashdi. 1 va 2-turlarda durang qayd etilgan bashning 3-turida Ueslining qo‘li baland keldi. 4 va 5-turlarda esa Nodirbek AQSH sharafini himoya qilayotgan Soni mag‘lubiyatga uchratdi. Hisob 3:2 ko‘rinishida Abdusattorov foydasiga hal bo‘ldi.

Endi Nodirbek yarim finalda Vladimir Fedoseyevni dog‘da qoldirgan Levon Aronyanga qarshi bahs yuritadi. Abdusattorov-Aronyan qarama-qarshiligida zafar qozongan shaxmatchi Fabiano Karuana-Magnus Karlsen “dueli”ning kuchlisi bilan ro‘baro‘ keladi.

Eslatib o‘tamiz, “Aimchess Rapid” onlayn turniri 1 diviziondagi to‘rtinchi bosqich o‘yinlari 14 iyulga qadar davom etadi. 4-bosqich musobaqalarining mukofot jamg‘armasi 235 ming AQSH dollaridan iborat bo‘lib, 1 divizionda g‘oliblikka erishgan shaxmatchi 30 ming, 2-o‘rin sohibi 20 ming, 3-o‘rinni egallagan sportchi 15 ming AQSH dollari miqdorida mukofot sohibiga aylanadi.

2 divizionda birinchi o‘ringa ega chiqqan shaxmatchiga 10 ming, 3 divizionda yetakchilik qilgan grossmeysterga 5 ming AQSH dollari taqdim etiladi.

 

T.Ro‘ziyev,  

O‘zA