Bugun Markaziy saylov komissiyasida navbatdagi muhim tadbir — Shanxay hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Chjan Min boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan ham uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Bosh kotib mamlakat kelajagini belgilab beruvchi ushbu siyosiy voqea SHHT bilan hamkorlikni rivojlantirish kabi muhim masalalarda ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
– Saylov tarixda qoladi, bu gal ham ko‘plab mamlakatlardan, jumladan, SHHTga a’zo davlatlardan xalqaro kuzatuvchilar kelishgan, jarayonni to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatib bormoqda. O‘ylaymanki, SHHT va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar, xususan, ilm-fan, ta’lim sohalaridagi sheriklik yanada taraqqiyot etadi, – dedi Ch.Min.
Bosh kotib delegatsiya vakillari ishtirokida kutgan, tayyorgarlik ko‘rilgan emas, balki kutmagan saylov uchastkasiga to‘satdan kirib borganini, ammo barchasi risoladagidek yaxshi, shaffof va ochiqlik bilan o‘tayotganing guvohi bo‘lganini alohida ta’kidladi.
– Meni ruhlantirgan narsa shuki, saylovga keluvchi fuqarolar keti uzilmayapti, qolaversa, ular oilaviy ovoz berishga qaror qilmoqda. Buni, albatta, o‘zbekistonliklar o‘zi, farzandlari taqdiriga o‘ta e’tiborli va kelajagini belgilashga bo‘lgan oqilona harakati deb bilaman, – deydi SHHT bosh kotibi.
O‘zA muhbiri Behruz Xudoyberdiyev yozib oldi