Markaziy saylov komissiyasida xalqaro kuzatuvchilar — Islom hamkorlik tashkiloti vakillari bilan bo‘lib o‘tgan navbatdagi uchrashuvda saylov jarayoni xalqaro standartlarga mos, fuqarolar haq-huquqini ta’minlashga qaratilgan barcha qulayliklar yaratilgani xususida ma’lumot berildi.
Muloqot chog‘ida mamlakatimizda tashkil etilgan 10 ming 784 ta saylov uchastkasida O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi sadolari ostida saylovchilar ovoz berishga kirishgani qayd etildi.
IHT vakili Adamu Bubakar saylovga demokratik tamoyillarga xos tayyorgarlik ko‘rilganini yuqori baholab, tadbirlar xalqaro normalar va standartlarga to‘la mos kelishini, shuningdek, yoshlar, nuroniylar, jamiyatdagi barcha qatlam vakillari ovoz berishda faol ishtirok etayotganini ta’kidladi.
MSK taklifiga binoan MDH Ijroiya qo‘mitasi kuzatuvchilari missiyasi saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonini kuzatib bormoqda.
Missiya O‘zbekistonga tashrifi mobaynida respublikamizning bir qator saylov uchastkalarida bo‘lib, kuzatuvlar borasida o‘zining tegishli xulosa va tavsiyalarini berishi rejalashtirilgan.
Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA