“Urgut” erkin iqtisodiy zonasidagi oltiloyihada turkiyaliklarning ulushi bor

Prezidentimizning 2017-yil 12-yanvardagi farmoniga ko‘ra tashkil etilgan “Urgut” erkin iqtisodiy zonasida bugungi kunda umumiy qiymati 196,2 million dollarlik 60 loyihani amalga oshirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Ushbu loyihalarning 6 tasi Turkiya kompaniyalari va ishbilarmonlari bilan hamkorlikda tayyorlangan.

Jumladan, mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “KAMALAK TEKSTIL” qo‘shma korxonasida turkiyalik hamkorlar bilan birgalikda gilam va gilam mahsulotlari ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

2.JPG

4.JPG

– Bugungi kunda Urgutda turkiyalik tadbirkorlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan bir qator korxonalarda yuqori sifatli gilam va gilam mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda, – deydi qo‘shma korxona rahbari K.Asrorov. – Birgina “Urgaz Carpet” korxonasida “URGAZ” brendi bilan chiqarilayotgan gilamlar nafaqat ichki bozorda, balki xorijda ham o‘z xaridoriga ega. Shu sababli biz ham davlatimiz tomonidan berilayotgan keng imtiyoz va imkoniyatlardan foydalanib, “Urgut” erkin iqtisodiy zonasida turkiyalik sheriklar bilan gilam zavodi tashkil etmoqchimiz. Umumiy qiymati 26 million dollar bo‘lgan ushbu loyiha amalga oshirilishi natijasida yiliga 28 million dollarlik gilam va gilam mahsulotlari ishlab chiqariladi, 230 doimiy ish o‘rni yaratiladi. Ayni paytda Urgut tumanidagi Mergancha massividan ajratilgan 2,8 gektar maydonda qurilish ishlari olib borilmoqda. Ayrim binolarda pardozlash va texnologiyalarni o‘rnatish ishlari boshlangan. Nasib etsa, joriy yilning to‘rtinchi choragidan mahsulot ishlab chiqarishni boshlaymiz.

Iqtisodiy zonada amalga oshirilayotgan yana bir istiqbolli loyiha – yengil sanoat mahsulotlari uchun bo‘yoqlar ishlab chiqarish korxonasi Turkiyaning “TCD TEKSTIL SANAYI VE TICARET A.S” firmasi bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.

7.JPG

8.JPG

– Sanoat mahsulotlari uchun bo‘yoq ishlab chiqarish bo‘yicha Turkiyada katta tajriba to‘plangan, – deydi “SAM VIRA COLOR” qo‘shma korxonasi rahbari Jasur Soliyev. – Bizda esa ayni paytda bu turdagi mahsulotga talab juda yuqori. Shu bois ushbu davlatishbilarmonlari bilan hamkorlikda “Urgut” erkin iqtisodiy zonasida korxona tashkil etmoqdamiz. Turkiyalik do‘stlarimiz bu borada bizga yaqindan yordam berayotir. Umumiy qiymati 2,5 million dollarlik loyiha mablag‘ining 250 ming dollari ham xorijiy hamkorlarimiz hissasi hisoblanadi. Hozirda korxona qurilishi jarayoni davom etmoqda. Yaqin orada qurilish ishlari yakunlanib, mahsulot ishlab chiqarishni boshlaymiz.

Bundan tashqari, iqtisodiy zona hududida turkiyalik tadbirkorlar bilan hamkorlikda gaz plitasi va elektr duxovkalar, zamonaviy changyutgich va kir yuvish mashinalari, bolalar tagliklari, sendvich panellar ishlab chiqarish bo‘yicha ham istiqbolli loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda.

 

G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat), O‘zA