Yurtimizda bo‘lib o‘tayotgan Prezident saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etayotgan Gruziya Markaziy saylov komissiyasi raisi Giorgi Kalandarashvili O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishdan so‘ng O‘zA muxbiriga o‘z fikrlarini bildirdi.
– Bugun saylov uchastkalarida fuqarolarning o‘z huquqidan foydalanishi uchun yaratilgan sharoit, saylov jarayoniga tayyorgarlik ko‘rish va ovoz beruvchilar shijoatini, kelajagiga befarq emasligini ko‘rib, hayratlandik. Saylovga tayyorgarlik ishlari, joylarda tashkil etilgan uchastkalar haqida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ma’lumotlar taqdim etilgan, kuzatuvlarimiz davomida fuqarolar fikrlarini eshitib, xalq ushbu siyosiy voqelikka katta tayyorgarlik ko‘rganiga guvoh bo‘ldim. Qayd etish kerak, har bir saylov uchastkasida eng so‘nggi, ilg‘or texnologiyalar joriy etilgan. Kunning birinchi qismida beshta saylov hududida bo‘ldim. Konstitutsion huquqidan foydalanib, xalq manfaatini himoya qilish maqsadida ovoz berayotgan O‘zbekiston fuqarolari bilan suhbatlashish imkoni berildi.
Kecha, Markaziy saylov komissiyasida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ham qatnashgandim. Komissiya vakillari tomonidan respublika bo‘ylab tashkil etilgan uchastkalar, shuningdek, katta yoshdagi, nogironligi bo‘lgan shaxslarning ovoz berish tartibi va O‘zbekistonga kelgan xalqaro kuzatuvchilar, OAV vakillari xususida ma’lumot berildi.
Shuningdek, bugun ham komissiya a’zolari bilan bo‘lgan uchrashuvda ovoz berish bilan bog‘liq statistikalar e’lon qilindi. O‘z navbatida biz ham kuzatuvlarimiz xulosasi ijobiy ekanini bildirdik.
O‘zA muxbiri Behruz Xudoyberdiyev yozib oldi