Shu kunlarda Ispaniyaning Valensiya shahrida joylashgan Ipak muzeyida “Ipak yo‘lidan mavrlar hamda nasroniylar festivaligacha” nomli ko‘rgazma bo‘lib o‘tmoqda. Oktyabr oyiga qadar davom etadigan mazkur anjumanning ochilish marosimida Mudexar guruhining Ontinent vakillari Valensiyada istiqomat qilgan musulmonlar obrazida ipak matodan tikilgan liboslar namoyishini o‘tkazishdi. Tantanada Mudexar qo‘mondoni obrazini gavdalantirgan ispaniyalik Alberto Kliment O‘zA uchun maxsus intervyu berdi:

– Janob Kliment, dastlab o‘zingiz va mazkur loyihaga kirib kelishingiz haqida gapirib bersangiz.

– Men Ontinent shahrining Mudexar ijodiy guruhi a’zosiman. Bu jamoani otam tuzgan, bolaligimdan shu muhitda o‘sganman, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Sevimli guruhimga “qo‘mondonlik” qilish ko‘p yillik orzum edi, 2018 yilga kelib, mazkur “lavozim”ga nomzodimni ko‘rsatdim. Ya’ni, ijodiy jamoada bunday mavqega erishish yirik festivallarda mavrlar yetakchisi rolini o‘ynash imkonini beradi. O‘sha yildan boshlab do‘stim Penya Otilio bilan birga Pireney yarim orolida hukm surgan tarixiy Islom madaniyatiga oid yangi loyihani boshlash harakatiga tushdik. Buning uchun ko‘p izlanish, masalaning mohiyatiga chuqur kirib borish talab etilardi. Shu sababli dizayner Rafael Ferrero Terol, ukam Xosele va men 2018 yil ilk bor O‘zbekistonga sayohat qildik. Ilk safardayoq mamlakatingizning go‘zalligi, noyob urf-odati bizni maftun etdi. Ona shahrim Ontinent to‘qimachilik sanoatiga ixtisoslashgani uchun “Abr-Band” Ikat” texnikasini namoyish etish maqsadga muvofiq, degan xulosaga keldik. Shu o‘rinda Ispaniya va Samarqand o‘rtasida XV asrdayoq yo‘lga qo‘yilgan hamkorlikni e’tirof etmay iloji yo‘q. Ayni munosabat tafsiloti ispan elchisi Rui Gonsales de Klavixoning Amir Temur saroyiga tashrifiga oid yodnomalarida keltirilgan. Samarqand shahrida joylashgan Go‘ri Amir maqbarasiga qadam qo‘yar ekanmiz, Sohibqiron qanday buyuk inson bo‘lganini his etdik va aynan uning timsolini gavdalantiraman, degan qarorga keldim. Shundan so‘ng Amir Temurning shaxsiyati, faoliyati bo‘yicha izlandik, Sohibqiron kiygan liboslarning tayyorlanish usulini o‘zlashtirish maqsadida Toshkentdagi Temuriylar tarixi davlat muzeyiga uch marta bordik.

– Mavr qo‘mondoni qanday obraz? Uning salobati nimada? Nima uchun bu obrazni gavdalantirish aynan sizga topshirildi?

– Mavr qo‘mondoni Ontinentda bo‘lib o‘tadigan “Mavrlar va nasroniylar” bayramida Nasroniylar qo‘mondoni bilan yonma-yon gavdalantiriladigan eng muhim obraz. Har yili 12 nafar nasroniy hamda 12 nafar mavrdan iborat ijodiy guruh o‘z yo‘lboshchisini tanlaydi. Masalan, mening ijodiy guruhim, 12 yilgacha o‘ziga boshqa “qo‘mondon” tanlay olmaydi. Har bir yo‘lboshchi muayyan tarixiy shaxsni gavdalantirish huquqiga ega. Men Amir Temurni tanladim.

– Amir Temur shaxsiyatini gavdalantirar ekansiz, uning jangovar ruhi va fe’lini his etdingizmi?

– Juda ajoyib savol! Bilasizmi, men Amir Temur maqbarasida to‘rt marta bo‘ldim va har safar uning buyukligi, jangovar ruhini yurakdan his etdim. Ijro davomida mudom Sohibqirondan xayolan madad so‘rardim. Yana bir hayratlanarli holat: festival davomida “mavrlar” maydonga kirib kelganda yog‘a boshlagan kuchli yog‘ingarchilik Amir Temur obrazida aynan men maydonga qadam bosishim bilan, birdan, tinib qoldi. Qo‘shni shahardagilar aytishicha, shu kuni qattiq chaqmoq chaqib, daraxtlarni yashin uribdi, biroq Ontinent tinch edi… Festival avvalida quygan sharros yomg‘ir ham men kirib kelishim bilan taqqa to‘xtagandi…

– Sizningcha, Amir Temur va Albetro Kliment fe’l-atvorida qandaydir o‘xshashliklar bormi?

– Hayotda o‘ta kurashuvchan insonman. Bir necha bor tizzam va yelkamda jarrohlik amaliyotini boshdan kechirganman. ammo hech qachon to‘xtab qolmadim, doimo kurashdim. Shu jihatim Buyuk Temurga o‘xshar, balki.

– Amir Temur obrazi ispan xalqiga qay darajada tanish, deb o‘ylasiz? Ispan elchisi Klavixo yozib qoldirgan manbalardan bugungi yosh avlod xabardormi?

– Yevropada Temurni “Tamerlan” deb atashadi, tarix kitoblarida uning kuchli podshoh bo‘lgani, ko‘plab qabilalarni birlashtirgani, eng asosiysi, temuriylar saltanatiga asos solgani e’tirof etiladi. Rui Gonsales de Klavixoning Amir Temur qarorgohiga elchi bo‘lib borgani maktab darsliklaridan o‘rin olmagan. Binobarin, tarixiy hujjatlarda mazkur elchining sa’y-harakatlari, Amir Temur tufayli Usmoniylar imperiyasi Yevropani bosib olmagani aks etgan. Kastilya qiroli Enrike III Klavixo orqali Amir Temurga xat yo‘llab, Usmoniylar qo‘shinini to‘xtatib qolishni iltimos qiladi. Klavixoning “Amir Temurga elchilik” asaridan Temuriylar imperiyasi haqida juda ko‘p ma’lumot olish mumkin. O‘zbekistonga ikkinchi tashrifimizda shu kitobni o‘zimiz bilan oldik va Shahrisabzdagi Amir Temur muzeyiga sovg‘a qildik.

– Ijtimoiy tarmoqdagi sahifangizda O‘zbekiston haqida juda ko‘p iliq fikr bildirasiz. Bizning yurtimizda nimalarni his etasiz? Sizningcha, mamlakatlarimiz o‘rtasida madaniy o‘xshashlik bormi?

– Jami olti marta O‘zbekistonga borganman. Har gal bu serquyosh o‘lka, o‘zbek xalqi, millatning an’analari, osori atiqalari, inshootlari va ipak matolari meni yanada ko‘proq maftun etaveradi. Turli madaniyatga oid davlatlar bo‘lsa-da, Ispaniya ham, O‘zbekiston ham asrlar mobaynida dunyoni, sayyohlarni o‘ziga chorlab kelmoqda. Samarqand, Buxoro, Xiva kabi shaharlaringiz Buyuk Ipak Yo‘lining muhim nuqtalari hisoblangan, bu yo‘llardan olib o‘tilgan ipak, to‘qimachilik mahsulotlari “Taifa de Denia” (o‘rta asrlarda Ispaniya sharqida joylashgan islom davlati) orqali Ispaniyaga kirib kelgan. Malorkada “mushuk tili” deb ataladigan matoga rasm tushirish usuli bor, Ikatga juda o‘xshab ketadi.

– O‘zbekiston va Ispaniya aloqalarini yanada rivojlantirish uchun nimalarga e’tibor qaratish kerak, deb hisoblaysiz?

– Ijodiy guruhimiz amalga oshirgan madaniy loyiha orqali ko‘plab ispaniyaliklar O‘zbekistonni yaqindan tanidi. Bunday tadbirlarni ko‘paytirish o‘zaro madaniy rishtani yanada mustahkamlaydi, nazdimda. Oxirgi namoyishimizdan so‘ng oltmish kishilik delegatsiya mamlakatingizni ko‘rish istagini bildirdi. Hozir Valensiyada San’at institutining Ipak muzeyi bizning ijodiy jamoa yaratgan liboslar ko‘rgazmasini taqdim etyapti. Anjuman yakunlangach, ehtimol, namoyishni Toshkentdagi Amir Temur muzeyida ham davom ettirarmiz. Shu orqali mavjud aloqani yanada mustahkamlashga erishgan bo‘lar edik.

– Samimiy va sermazmun suhbat uchun tashakkur, janob Kliment!

Mahfuza Ortiqova suhbatlashdi.

O‘zA