Poytaxtimizda “Yangi O‘zbekiston: taraqqiyot, innovatsiya va ma’rifat” mavzusidagi xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligi yuqori saviyada bo‘lib o‘tmoqda.
Jahon hamjamiyatining diqqat-e’tiborini tortgan mazkur nufuzli xalqaro anjumanda dunyoning qariyb barcha qit’asidan, ya’ni 60 dan ortiq mamlakatdan 450 dan ortiq davlat arboblari, siyosatchilar, yirik biznes vakillari, ekspertlar, xalqaro tashkilotlarning vakillari ishtirok etmoqda.
Haftalikning asosiy sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev yangilanib borayotgan O‘zbekiston siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy-ma’rifiy jabhalardagi keskin va dadil odimlari, natijador yutuqlari bilan bugungi kunda dunyo hamjamiyatida tobora ko‘proq obro‘ va e’tibor qozonayotganini ta’kidladi.
Aytish joizki, “Yangi O‘zbekiston: taraqqiyot, innovatsiya va ma’rifat” mavzusidagi xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligining bosh maqsadi yurtimiz va xorijiy ekspertlar, tahlilchilar o‘rtasida Yangi O‘zbekistondagi demokratik o‘zgarishlar, ularning mohiyati, ahamiyati, erishilgan yutuqlar va navbatdagi vazifalar, mamlakatda yuzaga kelayotgan mutlaqo yangi ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy, ma’naviy-ma’rifiy makon va muhit, davlatimizning ichki va tashqi siyosati bo‘yicha o‘zaro fikr va tajriba almashishga keng imkoniyat yaratishdir.
Haftalik doirasida “O‘zbekiston qo‘lyozma merosi durdonalarida tarixiy shaxslar va syujetlar” nomli ko‘rgazma, “Yangilangan Konstitutsiya: islohotlarning huquqiy asosi”, “Yangi O‘zbekiston: qulay biznes muhiti” mavzusidagi xalqaro konferensiyalar o‘tkazildi.
Haftalik o‘z ishini faol davom ettirmoqda.
N.Usmonova, O‘zA