Ayni paytda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Unda jamiyat hayotining turli sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni yanada chuqurlashtirishga, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan bir qator qonun loyihalari hamda parlament nazoratiga oid masalalarni ko‘rib chiqish rejalashtirilgan.

Dastlab majlisda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga ijara va lizing munosabatlarini tartibga solishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda muhokama qilindi.

— Mamlakatimizda ijara va lizing sohalarida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda, — dedi deputat Abdug‘ani Umirov. — Bu sa’y-harakatlar tufayli aholining mazkur turdagi xizmatlarga bo‘lgan talablarini qondirishga imkoniyatlar yaratilmoqda. Shu bilan birga, fuqarolarning ishonchiga kirib ularni aldov va firibgarlik yo‘li bilan ijara va lizing munosabatlarida jinoyat sodir etish holatlari ortib bormoqda. Qonun loyihasida ijara va lizing munosabatlariga oid 2 ta qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilyapti. Ya’ni, keyinchalik sotib olish sharti bilan ijaraga berish shartnomasining aniq ta’rifi, shartnoma ob’ektini tasarruf etish va garovga qo‘yish, undiruvga qaratishning o‘ziga xos xususiyatlari kiritilmoqda. Amaldagi qonunchilikda keyinchalik sotib olish sharti bilan ijaraga oluvchilarning kelgusida shartnoma ob’ektini mulk qilib olishdagi huquqlarini himoya qilishga doir mexanizmlar yetarlicha emas. Shu bois, ushbu turdagi shartnomaning o‘ziga xos xususiyatlarini qonunchilikda aniq aks ettirish taklif etilyapti.

Masalan, “Lizing to‘g‘risida”gi Qonunga lizing shartnomasi tuzilgan vaqtdan e’tiboran shartnoma ob’ekti lizing beruvchi tomonidan majburiyatlar bajarilishini ta’minlash uchun lizing oluvchida garovga olingan hisoblanishi to‘g‘isidagi norma kiritish taklif qilinmoqda. Bunda alohida garov shartnomasi tuzish talab etilmaydi hamda vakolatli organ shartnoma ob’ektini lizing shartnomasiga asosan garov reyestriga kiritadi. Shuningdek, lizing beruvchi lizing oluvchining roziligini olmay turib, lizing ob’ektini boshqacha tarzda tasarruf etish huquqiga ega emasligi nazarda tutuvchi norma bilan to‘ldirish belgilanmoqda.

Muhokamalar davomida deputatlar qonun loyihasida nazarda tutilayotgan normalar yuzasidan qator fikr va takliflarni o‘rtaga tashladi. Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi ijara va lizing munosabatlarida qonuniylikni ta’minlash va firibgarlik jinoyatlarining oldini olish, shuningdek, lizing munosabatlari sub’ektlari huquqlarini ta’minlash va huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etishga xizmat qilishi alohida qayd etildi.

Qizg‘in bahs-munozalardan so‘ng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.

 

Muhtarama Komilova,  

O‘zA