Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida 30 iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev davlatimiz rahbarining O‘zbekiston yoshlariga bayram tabrigini o‘qib eshittirdi va ishtirokchilarni “Yoshlar kuni” bilan muborakbod etdi.
Ta’kidlanganidek, ushbu sana tom ma’noda yoshlarning sevimli bayramiga aylandi. Eng asosiysi, “Yoshlar oyligi” doirasida tashkil etilgan tadbirlar minglab yoshlarni birlashtirdi. Jumladan, joylarda o‘tkazilgan turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, sport musobaqalari yoshlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Bayram arafasida mamlakatimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarda alohida faollik ko‘rsatib, o‘zining bilim va qobiliyati, intiluvchanligi, tashabbuskorligi va samarali mehnati bilan Vatanimiz taraqqiyotini yuksaltirish, Yangi O‘zbekistonning xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini yanada oshirishga katta hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh yoshlar “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti bilan taqdirlandi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlar kuni” munosabati bilan yurtimizning faol va tashabbuskor yosh avlod vakillaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida” gi farmoni bilan 38 nafar yigit-qiz “Kelajak bunyodkori” medali sohibi bo‘ldi. Ular orasida qoraqalpog‘istonlik yoshlar ham bor.
Tadbir yakunida bir guruh faol yoshlarga “Umid uchquni” ko‘krak nishoni, faxriy yorliqlar hamda esdalik sovg‘alari topshirildi. Tantanali tadbir san’at ustalarining konsert dasturi bilan davom etdi.
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA