Xalqaro aloqalar, ayniqsa, iqtisodiy munosabatlar rivojlangani sari ularni huquqiy tartibga solish, nizolar paydo bo‘lganda unga huquqiy baho berish zarur.

Xalqaro arbitraj sudlari yoki turli mamlakatlarning shunday sudlari aynan iqtisodiy nizolarni hal etishga xizmat qiladi. Xo‘sh, chet el  arbitraji qarorlari qanday tan olinadi va ijroga qaratiladi?

Oliy sud tomonidan Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda tashkil etilgan seminar shu mavzuga bag‘ishlandi.

Oliy sud raisi o‘rinbosari Shuhrat Polvonov, Singapur xalqaro tijorat sudi sudyasi Anselmo Reyes, Osiyo taraqqiyot banki ekspertlari va iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudyalar ishtirok etgan tadbirda chet el arbitraj qarorlarini tan olish va ijroga qaratishga oid qonunchilik, sud amaliyoti tahlili, bu boradagi ilg‘or xorijiy tajriba hamda xalqaro standartlar muhokama qilindi.

Singapur xalqaro tijorat sudi sudyasi A.Reyes chet el arbitraj qarorlarini tan olish va ijroga qaratish bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajriba, bu boradagi Singapur sudlarining tajribasi, chet el arbitraj qarorlarini tan olish va ijroga qaratishning xalqaro tendensiyalari va muammolari haqida ma’ruza qildi.

Oliy sud sudyaci B.Sayfullayev Oliy sudning arbitrajlar hal qiluv qarorlarini tan olish va ijroga qaratishga oid ishlar bo‘yicha yagona sud amaliyotini ta’minlash borasidagi faoliyatiga to‘xtaldi.

O‘zbekistonda arbitraj hal qiluv qarorlarini tan olish va ijroga qaratishga oid qonunchilik, chet el arbitraj qarorlarini tan olish va ijroga qaratish bo‘yicha ko‘rilgan ishlar tahlili, chet el arbitraj qarorlarini tan olish va ijroga qaratishning o‘ziga xos xususiyatlari, bu boradagi O‘zbekistondagi sudlar amaliyoti, arbitrajlar hal qiluv qarorlarini tan olish va ijroga qaratishga oid ko‘rilgan ishlar, muammolar va takliflar bo‘yicha fikr almashildi.

Ishtirokchilar ushbu seminar arbitrajlar hal qiluv qarorlarini tan olish va ijroga qaratish bo‘yicha sudyalarning bilim va malakasini oshirish, yagona sud amaliyotini ta’minlash, odil sudlov sifatini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

N.Abduraimova, O‘zA